English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Termizda Yevropa kinofestivali boshlandi
10:04 / 2025-11-12

Bugun Termiz shahrida Yevropa o‘ninchi kinofestivali bo‘lib o‘tadi. Festival doirasida kino shinavandalariga yevropalik san’atkorlar tasvirga olgan Litvaning “Dekadent №2419”, Avstriyaning “Ringdagi qirolicha” va Fransiyaning “Divertimento” filmlari taqdim etiladi.

Shu munosabat bilan Termizdagi “Matbuot uyi”da ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlar, jamoat tashkilotlari vakillari, kinofestival hamkorlari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. 

Tadbirda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi, janob Toyvo Klaar joriy yilda o‘n yilligini nishonlayotgan festivalning xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishdagi ahamiyati, do‘stlik rishtalarini mustahkamlashdagi o‘rni haqida atroflicha so‘z yuritdi. 

– Yevropa kinofestivali – bu shunchaki, kino namoyishlari emas, – dedi janob Toyvo Klaar. – Balki odamlarni chegaralardan tashqarida birlashtiradigan ajoyib bayramdir. Yevropa kinosanatkorlari nigohi orqali biz his-tuyg‘ularimiz va tajribalarimiz qanchalik o‘xshashligini ko‘ramiz. Festival o‘n yildan buyon Yevropani O‘zbekiston bilan yaqinlashtirmoqda. Yangi hududlar va tomoshabinlarga yetib borib, madaniy almashinuv hamda do‘stlikning yorqin ramziga aylanmoqda.

O‘tgan yillarda kinofestival mamlakatimizdagi eng jozibador madaniy voqealardan biriga aylanib, yurtimizning 9 ta hududida 30 mingdan ziyod tomoshabinga Yevropaning 22 davlatidan keltirilgan 110 dan ortiq filmni namoyish etdi. Bu yilgi festival 7-9 noyabr kunlari Toshkent shahridan boshlanib, san’at bayrami doirasida Yevropaning 12 mamlakatidan animatsiya va hujjatli tasvirlardan iborat drama va komediya janridagi eng sara 12 ta film taqdim etilmoqda. 

– Kinofestivalning vohamizda o‘tkazilayotgani kinosan’ati ixlosmandlari uchun o‘ziga xos bayramga aylanmoqda, – deydi O‘zbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi kinomatografiya agentligi viloyat bo‘limi rahbari Salohiddin Otaqulov. – Qiziqarli filmlari bilan xalqimizga quvonch ulashayotgan Yevropa Ittifoqidan mamnunmiz. Zero, qadimdan yurtimizda madaniyat va san’atning yuksak qadrlanishida chuqur ma’no bor. Mamlakatimizda madaniyat va san’atga xalqlarni birlashtiruvchi buyuk kuch sifatida qaraladi. 

Matbuot anjumanida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi. Gretsiyalik rejissyor Jorj Kordellas tomonidan yaratilgan “Smirnalik Roza” filmi namoyish etildi.

Kinofestival Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi va O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar elchixonalari hamkorligida, O‘zbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi kinomatografiya agentligi ko‘magida tashkil etilmoqda.

Xolmo‘min Mamatrayimov,

O‘zA muxbiri