Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Termizda “Yashil” iqtisodiyot va muqobil energetika istiqbollari muhokama etildi
16:32 / 2025-11-24

Termiz davlat universitetida “Yashil iqtisodiyot: xalqaro tajribalar, muammo va yechimlar” mavzuiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Unda mamlakatimiz va xorijlik olimlar sayyoramiz ekologiyasini, inson hayoti hamda sog‘lig‘i uchun zarur resurslarni, atrof-muhit va uni saqlab qolgan holda iqtisodiyotning barcha sohalarini rivojlantirish yuzasidan fikr almashdi. 

Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda mamlakatimizda sohaga alohida e’tibor qaratilib, “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Gidrometeorologiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlar, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof­muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi, 2019-2030 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi qabul qilindi. Bu jarayonda xalqimizning farovon turmush kechirishi uchun ularning ehtiyojlarini qondirib, yashash darajasi va sifatini oshirishda ekologiya va atrof-muhitga zarar yetkazmasdan ko‘paytirib borishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ishlab chiqarish va iqtisodiyotni rivojlantirishda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish, transport vositalarini ham elektr quvvati bilan harakatlanadiganlariga almashtirish kabi chora-tadbirlar belgilangan. Atrof muhitga zararli gazlarni chiqarmaydigan, atrof-muhitni asraydigan, ekologik toza texnologiyalar asosida ekologik toza mahsulotlarni yetishtirishga ahamiyat berilmoqda. Xullas, inson, tabiat va iqtisodiyotning bir-biri bilan uyg‘un, barqaror rivojlanishini ta’minlashga dolzarb vazifa sifatida qaralayotir. Ana shunday ezgu maqsadda muqobil energiya manbalaridan foydalanish va tevarak-atrofni yashillikka burkash davlatimiz belgilab olgan siyosatning muhim yo‘nalishiga aylandi. 

Xalqaro anjumanda Termiz davlat universiteti rektori A.Toshqulov tabiatdagi barcha resurslar cheklangan bir paytda mamlakatimiz, xususan, Surxondaryo viloyatida bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan va sohada olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarining ahamiyati haqida atroflicha fikr yuritdi. Konferensiya ishiga muvaffaqiyat tiladi.

Jahondagi barcha davlatlar va xalqlar uchun muhim masalaga aylangan mavzudagi anjumanda turkiyalik doktor Ali Konak, fransiyalik doktor Markombe Anna Sharlotte, nigeriyalik doktor Ogunmola Gabriyel Ayode Ji kabi xorijlik hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori Nosir Mahmudov, Diplomat universiteti professori Rasul Salayev, professor To‘lqin Boboqulov, Go‘zalbegim Rahimova singari mamlakatimiz olimlarining qiziqarli ma’ruzalari tinglanib, atroflicha muhokama etildi. Sohada mavjud muammolarning yechimlari yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirilib, o‘zaro tajriba almashildi.

Dunyoning qator davlatlari olimlari va mutaxassislari e’tiborini “yashil” iqtisodiyot va uning muammolari, yechimlari hamda xalqaro tajribalarga qaratgan oliy ta’lim muassasasida “O‘zbekistonning janubiy hududlarida muqobil va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanishning ustuvor masalalari” mavzuidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani ham o‘tkazildi.

Mutaxassislarning aytishicha, bir-biriga uzviy bog‘liq ikkala konferensiya ham mamlakatimizda barqaror rivojlanishni ta’minlash, energiya manbalaridan samarali foydalanish va ekologik xavfsiz iqtisodiy tizim yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Jumladan, muqobil energiya manbalari haqidagi respublika anjumanida amaliyot, texnologik yondashuvlar va innovatsion ishlanmalar qizg‘in muhokama etilgan bo‘lsa, xalqaro konferensiya bu jarayonlarni dunyo tajribalari, ilmiy yondashuvlar va global tendensiyalar bilan boyitdi. 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri