French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Termizda yapon bog‘i quriladi
15:03 / 2026-03-10

Prezident tashrifidan so‘ng

Termiz shahrida yapon bog‘i, muzey, o‘zbek-yapon milliy taomlari restorani hamda “Yapon ko‘chasi” madaniy-turistik majmuasini barpo etish loyihasini amalga oshirish ishlariga kirishildi.

Surxondaryo – o‘tmishi boy, buguni farovon, kelajagi porloq viloyat. Bu o‘lkada qadimda Avesto-Zardushtiylik, Buddaviylik, Islom dinlari shakllantirgan diniy bilimning ma’naviy asoslari rivojlangan. Me’morchilik, dehqonchilik, hunarmandchilik, savdo, ilm-fan, madaniyat yuksalgan go‘sha sifatida ham tanilgan. Keyingi yillarda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari vohani har taraflama yuksaltirib, farovon go‘shaga aylantirmoqda. Jumladan, qadimiy va maftunkor vohaning turistik salohiyatini oshirishga qaratilayotgan e’tibor viloyatni dunyoga keng tarannum etishga qulay muhit yaratmoqda.  

Tarixchilarning guvohlik berishicha, Surxondaryo ilk davlatchilik davrlarining miloddan avvalgi 1 minginchi yilliklarida Sopolli, Kuchuktepa, Tallashqon, Jondavlattepa, Qiziltepa, Haitobodtepa, G‘ozimulla, Bandixontepa kabi istehkomli qo‘rg‘onlarga asos solingan, buddaviylik dini vohaning qadimgi va ilk o‘rta asrlari tarixida chuqur iz qoldirgan, Kushon podsholigi davridan ko‘plab arxeologik yodgorliklar saqlanib qolgan, Islom dini rivojiga benazir hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlarga beshik bo‘lgan makon.

Prezidentimiz shu yil 26-27-fevral kunlari viloyatga tashrifi chog‘ida vohaning boy turistik salohiyatidan oqilona foydalangan holda yiliga 1 milliard dollarlik tushum qilish mumkinligini alohida ta’kidlab, buddizm madaniyatiga oid Fayoztepa, Qoratepa, Dalvarzin, Zurmala kabi yodgorliklarning turizm salohiyatini ishga solish orqali viloyatga Yaponiya, Koreya, Xitoy, Tailanddan yiliga 500 ming sayyohni jalb etish imkoniyati borligi qayd etgan edi.  

Viloyat faollari bilan yig‘ilishda belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida Yaponiya turagentlari bilan hamkorlikda turizm marshrutlarini ishlab chiqib, muzey, o‘zbek-yapon oshxonasi hamda Yapon bog‘ini tashkil etish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlarni bajarish boshlandi.

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov yapon bog‘ini barpo etish va amalga oshirish mexanizmlari bilan tanishib, uni Termiz shahrida barpo etilayotgan O‘zbekiston – Yaponiya texnologiya universiteti hududiga joylashtirish taklifini ilgari surdi. Loyihani mazmunan boyitish, zamonaviy me’moriy yechimlar asosida takomillashtirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.  

Janubdagi voha tarixini o‘rganishda yaponiyalik mashhur olim Kyudzo Katoning ilmiy arxeologik tadqiqotlari muhim ahamiyatga ega. Yurtimizga birinchi marta 1963-yil sayyoh sifatida kelgan olim qariyb 30 yil davomida viloyatdagi Dalvarzintepa, Eski Termiz va Qoratepa singari yodgorliklarida izlanish olib bordi. Termizning faxriy fuqarosi bo‘ldi. O‘zbekistonni dunyoga, shu jumladan, Yaponiyaga tanitishga qo‘shgan hissasi uchun  “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi.  

Vohada buddaviylik madaniyatiga oid yodgorliklar o‘rganilgach, yuqori ko‘rinishdagi badiiy asarlar va buyumlar topilgani bu din Surxondaryoning qadimgi va ilk o‘rta asrlari tarixida chuqur iz qoldirganini ko‘rsatadi. Markaziy Osiyoda buddaviylikning eng mashhur qadimgi yodgorliklari ham Surxon diyoridan topilgan.  

Termizda bunyod etiladigan kunchiqar mamlakat uslubidagi yapon bog‘i, muzey, o‘zbek-yapon oshxonasi, yapon ko‘chasi qadimiy shaharning o‘tmishdagi buddaviylik merosini asrash va yapon olimlari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga qulay muhit yaratadi. O‘zbekiston – Yaponiya o‘rtasida madaniy-ilmiy aloqalar yangi bosqichda yuksalayotganini keng namoyon etib, vohaning noyob arxeologik tarixi bilan sayyohlarni kengroq tanishtirishga, xorijlik turistlar oqimini ko‘paytirib, hassos olim Kyudzo Katoning buddaviylik yodgorliklarini o‘rganishdagi hissasini ham keng tarannum etishga xizmat qiladi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri