Surxondaryo viloyati hokimiyati axborot xizmati jurnalist va blogerlar uchun Termiz tumanida barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massiviga press-tur tashkil etdi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan aholini arzon va sifatli uy-joy bilan ta’minlash uchun mamlakatimizda barchaga zamonaviy infratuzilmaga ega “Yangi O‘zbekiston” massivlari bunyod etilmoqda.

Ayni paytda Surxondaryo viloyatida ham Boysun, Sariosiyo, Jarqo‘rg‘on, Angor va Termiz tumanlarida foydalanishga topshirilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivlaridagi ko‘rkam uy-joylarda aholi osuda va obod turmush kechirmoqda.

Termiz tumanidagi Yangiobod mahallasida qurilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivida qad rostlayotgan uy-joylar barcha qulayliklarga egaligi va zamonaviy qurilish materiallaridan barpo etilayotgani bilan odamlarda qiziqish uyg‘otmoqda.

Yangi massivda 6 ming 280 xonadonli 74 ta osmono‘par ko‘p qavatli uy, 2 ming 640 o‘rinli ikkita maktab, 420 o‘rinli ikkita maktabgacha ta’lim muassasasi, 200 qatnovga mo‘ljallangan oilaviy poliklinika, mahalla markazi qad rostlamoqda. Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” bog‘i, oliy ta’lim muassasasi va yotoqxona, amfiteatr, “Yangi O‘zbekiston” muzeyi, sanoat zonasi barpo etilayotir.

Press-tur ishtirokchilari viloyat hokimining matbuot kotibi axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Murodbek Davlatov va qurilish kompaniyalari rahbarlari bu yerda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, aholining hayotidan rozi bo‘lib yashashi uchun yaratilayotgan sharoitlar to‘g‘risida ma’lumot berdi. Бош reja loyihasi asosida foydalanishga topshirilgan turar-joy binolari bilan tanishdi. Ijtimoiy-iqtisodiy soha ob’ektlari haqida yetarli tasavvurga ega bo‘ldi.

Tadbir doirasida viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar bilan uchrashib, yakunlanayotgan yilda vohada yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar, kelgusi yil rejalari haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri