Termiz tumani Yangiobod mahallasida qad rostlayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivida “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tamal toshi qo‘yildi.
Aholi uchun barcha zamonaviy sharoitlarga ega bo‘ladigan massivning dastlabki bosqichida 18 ta 16 qavatli turarjoy binosi bunyod etilib, 1 ming 980 oilaning uy-joy muammosi hal etiladi. Oliy ta’lim muassasasi qurilib, kelgusi yil foydalanishga topshiriladi.
Bosh qomusimiz qabul qilinganining 31 yillik bayrami keng nshonlanayotgan shu kunlarda yana bir yirik loyiha – “Yangi O‘zbekiston” bog‘i qurilishiga start berildi. Yangi bog‘ 27 gektar maydonda barpo etiladi.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov bog‘ning tamal toshini qo‘ydi.
Shu kuni viloyat rahbari hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari taqdimoti bilan tanishib, mutasaddilarning axborotlarini tingladi. Ikki loyihani ham belgilangan muddatlarda qurish, qurilish ishlari sifatiga alohida e’tibor berish yuzasidan tegishli vazifalarni belgilab berdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri