Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Termizda XDP tashkil topganining 34 yilligi nishonlandi
18:50 / 2025-11-03

Termiz shahrida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tashkil etilganining 34 yilligi munosabati bilan partiyaning Surxondaryo viloyat kengashi tantanali bayram tadbiri tashkil etdi.

Unda partiyaning viloyat kengashi xodimlari, mehnat faxriylari, xalq deputatlari mahalliy kengashlardagi deputatlari, faollar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda partiyaning viloyat kengashi raisi Alisher Pardayev ishtirokchilarni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tashkil topganining 34 yilligi bilan samimiy tabrikladi. Partiyaning mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirib, kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish va aholi manfaatlarini himoya qilishdagi o‘rni haqida atroflicha fikr yuritdi. Partiyaning ijtimoiy adolat tamoyillari asosida ehtiyojmand, kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratayotgan tashabbus va g‘oyalari to‘g‘risida fikr almashdi.

Partiya a’zolari Surxondaryo viloyatida ham “Inson qadri uchun” tamoyiliga muvofiq qator ishlarni amalga oshirmoqda. Sharoiti og‘ir bo‘lgan, kam ta’minlangan fuqarolarning turmush darajasini yaxshilash maqsadida “Mehr harakati” doirasida deputatlar faol ishtirok etib, o‘z saylov okrugi hududidagi sharoiti og‘ir bo‘lgan oilalar holidan xabar olayotir. Ular duch kelayotgan muammolarni aloqador tashkilotlar hamkorligida hal etish yo‘llarini izlamoqda. Homiylik yordamlari ko‘rsatilmoqda.  

Ayni paytda viloyatda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining 783 boshlang‘ich tashkiloti o‘z safiga 88 ming 775 nafar a’zoni birlashtirgan. 

Tadbirda jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etib, partiya obruyini oshirishda boshqalarga ibrat bo‘layotgan bir guruh deputatlar, faxriylar va faollarga partiya Markaziy Kengashi ta’sis etgan “O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi iftixori” ko‘krak nishoni tantanali topshirildi. Bir guruh faollar partiya viloyat kengashining faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi.  

Bayram tadbiri san’atkorlarning qiziqarli konsert dasturi bilan yakunlandi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri