“Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Surxondaryo viloyati hokimligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Raqamli transformatsiya markazi, “Airitom Free Zone”, O‘zbekiston qurilish materiallari sanoati korxonalari uyushmasi, “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati hamkorligida tashkil etilgan yarmarkada mamlakatimizda sanoatni rivojlantirib, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va tadbirkorlar uchun qulay sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi ham Afg‘oniston bilan o‘zaro savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etayotgani, bu kabi yirik sanoat yarmarkalarining tashkil etilishi ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirib, yangi loyihalarni amalga oshirishda muhim omil bo‘lishi alohida qayd etildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar sanoat mahsulotlarini mahalliylashtirishni kengaytirib, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni o‘zlashtirish hamda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishda muhim omil bo‘lmoqda. Sanoat yarmarkalarida esa turli hududlardan va tarmoqlardan bo‘lgan sanoat korxonalarining o‘z mahsulotlarini namoyish etib, kooperatsiya aloqalarini o‘rnatmoqda. Hamkorlik memorandumlari va shartnomalar imzolayotir.
[gallery-25886]
Termizda ish boshlagan yarmarkada ham viloyat hokimligi, Investitsiyalar, sanoat va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari, xolding kompaniyalari, ishbilarmon doiralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan birga qo‘shni Afg‘oniston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Ikki kun davom etadigan yarmarka mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlab, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash hamda yangi buyurtmalar portfelini shakllantirishga xizmat qiladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri