Termizda soliq tizimidagi o‘zgarishlarga doir ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi
Termizda Prezidentimizning 2016-yil 27-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2017-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.
Termizda Prezidentimizning 2016-yil 27-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2017-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.Surxondaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda huquq-tartibot idoralari, soliq, bojxona xizmati vakillari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar vakillari, tadbirkorlar ishtirok etdi.
Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari T.Bobolov, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini nazorat qilish bosh boshqarmasi boshlig‘i U.Yusufaliyev, viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Sh.Rahimov va boshqalar mamlakatimiz soliq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, ular faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.
Prezidentimizning 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida xususiy sektorga qo‘llanilayotgan imtiyoz va preferensiyalar mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilab, sohani yanada liberallashtirishda muhim ahamiyat kasb etayotir.
Ushbu hujjatga asosan tadbirkorlik subyektlariga yangi imtiyozlar taqdim etildi, ularning faoliyatiga asossiz aralashuvga chek qo‘yildi. Tekshirishlarni o‘tkazish soni va muddati qisqartirildi. Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni yig‘ish xarajatlari kamaytirilib, ularning huquqiy himoyasini mustahkamlash, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirishga e’tibor kuchaytirildi.
– Joriy yilning 1-yanvaridan boshlab tadbirkorlik subyektlarida yuridik shaxslar murojaatiga asosan korxona tugatilayotganda o‘tkaziladigan tekshirishlardan tashqari rejadan tashqari tekshirishlarning barcha turlari bekor qilingani xususiy sektorga ko‘rsatilayotgan e’tibor samarasidir, – deydi Surxondaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati rahbari I.Rahmatov. – Shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga turli yo‘nalishlar bo‘yicha yengillik va imtiyozlar qo‘llanildi.
Qonunchiligimizga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq, xizmat ko‘rsatish va servis sohasining 4 turi bo‘yicha mamlakatning barcha hududida, 8 tasi bo‘yicha qishloq joylarda faoliyatni amalga oshirayotgan yuridik shaxslarni foyda va yagona soliq to‘lovi to‘lashdan ozod etish tarzidagi soliq imtiyozlari 2020-yil 1-yanvargacha tatbiq etilishi belgilandi. Milliy reyestrga kiritilgan dasturiy ta’minot vositalarini ishlab chiquvchilar uchun hamda mamlakatimizda avtomobil sanoatini yanada rivojlantirish maqsadida berilgan soliq imtiyozlari muddati 2020-yil 1-yanvargacha, ommaviy axborot vositalari tahririyatlari va nashriyotlar uchun berilgan soliq imtiyozlari muddati 2019-yil 1-yanvargacha uzaytirildi. Qurilish, chakana savdo, umumiy ovqatlanish korxonalari uchun yagona ijtimoiy to‘lovni hisoblash tartibi o‘zgartirilib, mazkur sohalarga ham qulaylik yaratildi.
– Kollej bitiruvchilarini ish bilan ta’minlagan korxonalarga soliq to‘lovida qo‘llanilayotgan yengillik ham e’tiborga sazovordir, – deydi “Surxon Termiz Chinni” mas’uliyati cheklangan jamiyati ish yurituvchisi N.Mamarajabova. – Korxonamizda 134 kishi mehnat qilmoqda. Ularning 40 nafari kollejni bitirgan yosh mutaxassislardir. Shu bois korxonamizda mazkur imtiyozga muvofiq yagona soliq to‘lovi bo‘yicha hisobotlar taqdim etilayotgani soliq yukini kamaytirib, mahsulot tannarxini oshirmagan holda arzon, sifatli chinni buyumlar ishlab chiqarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Seminar yakunida mutaxassislar tadbirkorlarni qiziqtirgan barcha savollarga javob qaytardi. Soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida to‘lab, soliq qonunchiligiga qat’iy amal qilayotgan, ishlab chiqrishni rivojlantirib, yangi ish o‘rinlari yaratayotgan bir guruh soliq to‘lovchilarga viloyat davlat soliq boshqarmasining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.