Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Termizda Qorabayir otlari mahorat maktabi ish boshladi
09:41 / 2021-10-03

Termiz tumanidagi Otchopar maydonida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi Qorabayir otlari mahorat maktabining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyat hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonligi vakillari, nuroniylar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari, chavondozlar ishtirok etdi.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Milliy gvardiyasi markaziy devoni boshqarma boshlig‘i, podpolkovnik Z. Abdullayev so‘nggi yillarda mamlakatimizda milliy qadriyatlarimiz va xalqimiz asrlar davomida e’zozlab kelgan milliy sport turlarini tiklashga qaratilayotgan yuksak e’tiborning ahamiyati haqida atroflicha fikr yuritdi. Mamlakatimizda yagona bo‘lgan mazkur Qorabayir otlari mahorat maktabi ham ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Prezidentimizning joriy yil 5 avgustdagi “Surxondaryo viloyatida qorabayir zotli otlarni yetishtirish va ommalashtirish hamda ot sporti turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan maktabda yosh avlodga ot sporti sirlarini chuqur o‘rgatish va uni ommalashtirish shuningdek, qorabayir zotli otlarni ko‘paytirish ham mo‘ljallanmoqda.

Buning uchun O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi viloyat hududiy bo‘linmasining Termiz tumani Yangiobod mahallasidagi 40 gektarga yaqin yer maydoni, otxona va omborxona binolari, Termiz tumani hokimligi tasarrufidagi mehmonxona, ma’muriy va xo‘jalik binolari Qorabayir otlari mahorat maktabiga o‘tkazildi. Ozuqa bazasini yaratish uchun Termiz tumanining Sabzipoya mahallasi hududidan 100 gektarga yaqin yer maydoni ajratildi.

¬–Davlatimiz rahbarining mazkur qarori bilan viloyatimiz respublikada Qorabayir zotli otlar naslchiligi va sportini rivojlantirish bo‘yicha yetakchi hudud sifatida belgilandi, – ¬deydi Qorabayir otlari mahorat maktabi direktori, podpolkovnik M.Jumayev.¬ –Har yili “Navro‘z” umumxalq bayrami arafasida viloyatda Qorabayir zotli otlar ishtirokida xalqaro chavondozlar musobaqasini o‘tkazish belgilangan. Bu yosh avlod chavandozlarini tarbiyalash va milliy ot sporti musobaqalarini rivojlantirishda katta mas’uliyat yuklaydi. Shu bois mahorat maktabiga eng tajribali instruktor-metodistlar, trener-o‘qituvchilar tanlab olindi. Veterinariya xizmati, usta-chavandoz, ot parvarishlovchi va taqachi xodimlar saralandi. Endilikda barcha tumanlarda Qorabayir zotli otlardan foydalanishga ixtisoslashgan seksiya va ot sporti klublari tashkil etiladi. Yuqori malakali trenerni tayyorlash va ularning malakasini oshirib borish yo‘lga qo‘yiladi.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Mudofaa vazirligining Janubiy operativ qo‘mondonligi harbiy xizmatchilarining ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi. O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi safida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar va mahalliy chavondozlar ishtirokida "Otlar poygasi", "Ot ustida kurash" hamda "Uloq-ko‘pkari" musobaqalari o‘tkazildi. G‘oliblarga Surxondaryo viloyati hokimining sovg‘alari topshirildi.

 

 

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,O‘zA