Termiz shahridagi san’at saroyida Ozarbayjon madaniyati kunlarining Surxondaryo viloyatida rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat hokimligi vakili Obidjon Shofiyev so‘zga chiqib, Ozarbayjon bilan aloqalar tobora rivojlanayotgani, ayni jarayonda fan, madaniyat, ta’lim sohasidagi hamkorlikka alohida ahamiyat berilayotgani, O‘zbekistonda Ozarbayjon madaniyati va adabiyoti kunlari muntazam o‘tkazilishi xalqlarimizni yanada yaqinlashtirayotganini ta’kidladi.

Ozarbayjon Milliy Majlisi Madaniyat qo‘mitasi raisi Ganira Pashayeva, Madaniyat vazirligi bo‘lim boshlig‘i Akif Marifli, Haydar Aliyev nomidagi O‘zbekistondagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi direktori Samir Abbosov ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik va hamkorlikning bugungi holati haqida atroflicha so‘z yuritishdi.

Akif Marifli vazirlik bunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlashi, madaniyat va adabiyotni targ‘ib qiluvchi markazlar nashrlar bilan ta’minlanishi, bunday muassasalar faoliyati doimo diqqat markazida bo‘lishini aytdi. Ming yillar davomida Qorabog‘da Ozarbayjon xalqi tomonidan yaratilgan tarix, madaniy meros namunalari haqida gapirarkan, u shoira, xon qizi Xurshidbonu Notavonning nomini olgan maskan Termiz Davlat universiteti uchun Ozarbayjon bilan madaniyat va ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda yangi imkoniyatlar ochishiga ishonch bildirdi.

So‘ngra Ozarbayjon madaniyati kunlari munosabati bilan tayyorlangan madaniy dastur taqdim etildi. Ozarbayjonlik modeler Afag Ismoilzoda tomonidan yaratilgan Ozarbayjon va o‘zbek naqshlari tushirilgan milliy liboslar taqdim etildi. Termiz Davlat universiteti talabalari tomonidan tayyorlangan liboslar "Qorabog‘ shikastasi" musiqiy dasturi sadolari ostida namoyish qilindi.

Ozarbayjon xalq artisti Gulyanag Mammadova, soz ustasi Ilhom Abdullayev, Kaykep Aliyeva nomidagi "Ozarbayjon qizlari" raqs ansamblining chiqishi, milliy kuy va raqslar katta qiziqish, olqish bilan kutib olindi.

O‘zA