FOTOREPORTAJ
Termiz shahridagi 26-umumta’lim maktabida maktabgacha, umumta’lim va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari pedagoglari uchun malaka toifa sinovlari boshlandi.
Keyingi yillarda mamlakatimiz ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar natijasida umumta’lim maktablarida ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, o‘qituvchilarning bilim va malakasini yuksaltirish, baholash, shu orqali ularni moddiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Xususan, mamlakatimizda start olgan malaka test sinovlari ham ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biridir.
[gallery-20098]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 17 sentyabrdagi “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, malaka test sinovlari joriy yilning 29 oktyabridan 16 noyabrga qadar o‘tkazilishi belgilangan. Sinovlarning yuqori saviyada tashkil etilishi uchun zarur barcha sharoit yaratilgan.
Test sinovining birinchi kunida viloyatdagi umumta’lim maktablarining 478 nafar informatika fani o‘qituvchisi o‘z bilimini sinovdan o‘tkazdi.
Viloyatdagi umumta’lim maktablarining 12 ming 553 nafar o‘qituvchisi test sinovlarida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA