Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Termizda kasb o‘rgangan 37 nafar afg‘on bitiruvchi tinglovchilariga sertifikat topshirildi
12:10 / 2022-08-31

Termiz tumanidagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida "Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi" (UNDP) tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan uch oylik qisqa muddatli “Tikuvchilik”, “Avtomobil transporti” hamda “Axborot kommunikatsiya texnologiyalari” yo‘nalishlarida ta’lim olib, kasb o‘rgangan 37 nafar tinglovchiga sertifikatlar tantanali topshirildi.

Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda ta’lim markazi direktori O.Ro‘ziyev, Surxondaryo viloyati kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi boshlig‘i R.Salomova, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi “UNDP” loyiha koordinatori B.Jo‘raxo‘jayev va boshqalar so‘zga chiqib qo‘shni davlatning bitiruvchi tinglovchilarini zamonaviy ta’lim muassasasida kasb sirlarini mukammal egallagani bilan tabrikladi. O‘z sohalari bo‘yicha samarali mehnat qilishiga omad tiladi.

Afg‘onistonliklar markazda “Tikuvchilik”, “Avtomobil transporti” hamda “Axborot kommunikatsiya texnologiyalari” kasblarini chuqur o‘rganish uchun uch oy tahsil oldi. Professor-o‘qituvchilar, malakali mutaxassislar, ishlab chiqarish ta’lim ustalari dars jarayonlariga keng jalb etilib, mashg‘ulotlar sifatli va samarali tashkil etildi.

Shuningdek, tinglovchilar viloyatda mavjud sanoat va ishlab chiqarish korxonalari va IT PARKlar faoliyati bilan yaqindan tanishtirilib, qo‘shimcha amaliy darslar yo‘lga qo‘yildi.

Tantanali tadbirda so‘zga chiqqan afg‘on tinglovchilari qisqa muddatlarda kasb o‘rganishlari uchun barcha sharoitlarni yaratgan ta’lim markazi jamoasi, BMT Taraqqiyot Dasturi “UNDP” loyiha tashkiloti rahbariyati va barcha hamkorlarga chuqur minnatdorchilik bildirib, endilikda o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga qulay imkoniyat yaratilganini alohida ta’kidladi.

Tadbir yakunida “Tikuvchilik” yo‘nalishi tinglovchilari tikkan milliy va zamonaviy liboslar namunalari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,

O‘zA muxbiri