Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Termizda ichimlik suv inshootlarining raqamli ko‘rinishi yaratildi (+video)
12:31 / 2025-12-11

“Surxondaryo suvta’minoti” aksiyadorlik jamiyati Termiz shahridagi ichimlik suv inshootlari va tarmoqlarini raqamli ko‘rinishga keltirib, geoaxborot tizimini joriy etmoqda. Yangi markaz shahardagi yirik “Shimoliy” suv inshootida faoliyat yuritadi.

Mutaxassislarning aytishicha, bu yangilik suv ta’minoti, rezervuarlar, kanalizatsiya tarmoqlari, nasos stansiyalari kabi infratuzilma ob’ektlarining joylashuvi, holati va tavsifini geografik ma’lumotlar asosida boshqarib, tahlil qilish va vizuallashtirish imkonini beradi. Suv ta’minoti, quvurlar va uskunalar haqidagi barcha ma’lumotni birlashtirib, samaradorlikni oshiradi. Avariya, ya’ni quvurlar uzilishi yoki suv sizishi singari kutilmagan holatlar kuzatilsa, zarar yetgan joy tezda aniqlanib, tuzatish chorasi ko‘riladi. 

Tizim orqali tarmoqlar holati, suv sifati, bosimi va sarfi real vaqtda kuzatib turiladi. Quvurlar kesimi, diametri, materiali, qurilgan yili va boshqa texnik parametrlarni xaritada ko‘rsatib, ma’lumotlarni bir joyda to‘playdi.

– Termiz shahri hududida joylashgan suv inshootlari va tarmoqlari raqamli ko‘rinishga keltirilmoqda, – deydi “Surxondaryo suvta’minoti” aksiyadorlik jamiyati mas’ul mutaxassisi Mirolim Xolmatov. – Biz bundan kelajakda samarali foydalanamiz. Hozir bu mahallalar kesimida turibdi. Masalan, Guliston mahallasida aholi soni, xonadon soni, ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik soni, darajasini yuz foiz ko‘rishimiz mumkin. Kelajakda bu dastur orqali biz aholiga kirib borgan suvning hisob-kitobini olamiz. “Manguzar” suv inshootidan ham barcha ma’lumotlarni olib turamiz. Tizimda bu inshootga tegishli ma’lumotlar ham to‘liq joylashtirilgan. Hatto suv bosimi talabga qarab, ko‘payib, kamayib borishini ham kuzatib turamiz. Yangi qurilishlarimiz yoki yangi dasturlarimizda tarmoqlarni qayerdan tortsak, qaysi tarmog‘imizning quvvati qanchaligini bilib olsak bo‘ladi. 

Termiz shahridagi “Shimoliy” va “Manguzar” suv ishlab chiqarish inshootlari viloyat markazidagi 20 ta mahallada yashovchi 113 mingdan ortiq iste’molchini suv bilan ta’minlaydi. Ma’lumotlarning raqamli ko‘rinishi suv tarmoqlarini boshqarishda qog‘oz xaritalar o‘rnida aniq, interaktiv va dinamik ma’lumotlarni taqdim etib, xizmat ko‘rsatish sifati hamda samaradorligini yanada oshiradi. 

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/YNkZCWuXxVc?si=lF4QlX5vPAnnAZf6" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Xolmo‘min Mamatrayimov,

O‘zA muxbiri