Termiz shahrida suniy qoplamali muz maydoniga ega "ICEBERG" ko‘ngilochar markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning 2019 yil 17-18 oktyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifida belgilab berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida bunyod etilgan to‘rt qavatli majmuada oilaviy va do‘stlar bilan maroqli dam olish uchun barcha qulay sharoit yaratilgan.
Zamonaviy qiyofada bo‘y ko‘rsatgan salobatli ko‘ngilochar markazda sun’iy qoplamali muz maydoni, supermarket, bank xizmati, 40 ga yaqin savdo do‘koni, bolalar o‘yingohi, restoran, Fast-fud taomlanish shahobchasi qurilib jihozlandi. Ko‘ngilochar markazi “Termiz tezkor qurilish” ixtisoslashgan tamirlash-qurilish tashkiloti bunyodkorlari tomonidan yuksak did bilan sifatli barpo etildi.

– Bu yerda 300 ga yaqin ish o‘rni yaratildi, – deydi "ICEBERG" ko‘ngilochar markazi direktori X. Qodirov. – Eng ahamiyatli jihati shahar hokimligi tavsiyasi bilan "Yoshlar va ayollar daftari" ga kiritilgan yigitlar hamda xotin-qizlar ishga qabul qilindi. Endilikda ular toza, ozoda va ko‘rkam markazda mehnat qilib, oilaviy byudjetlariga yaxshigina daromad olib borish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, poytaxtdan kelgan sanatkorlar, xotin-qizlar va yoshlar ishtirok etgan tantanali tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar xalqimiz farovonligi va yurtimiz obodligi uchun xizmat qilayotganini, bu jarayonda sportni rivojlantirishga ham alohida etibor qaratilayotganini takidladi. Bunday ezgu yo‘lda janubdagi vohada ham yirik hajmdagi qurilish-bunyodkorlik ishlari olib borilayotgani qayd etildi.

Shahar markazidagi 4 ming 500 kvadrat metr maydonda qad rostlagan markazning birinchi qavatida figurali uchish, xokkey va boshqa sport o‘yinlari uchun mo‘ljallangan suniy qoplamali muz maydoni barpo etilib, Ispaniyada ishlab chiqarilgan jihozlar o‘rnatilgan. 100 o‘ringa ega tomosha zali qurilgan. Shuningdek, to‘rt qavatda joylashgan attraksion, restoran, supermarket, savdo do‘konlari, Fast-fud taomlanish shaxobchasi va boshqa qo‘shimcha yordamchi binolar bir yilda o‘rtacha 60 ming aholiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan.
Tantanali marosim ishtirokchilari viloyat hokimi rahbarligida markazda yaratilgan sharoitlar va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyati bilan tanishdi. Poytaxtdan kelgan sanatkorlar qiziqarli konsert dasturini namoyish etdi.


Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA