Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Termizda hindistondik talabalar ta’lim olishmoqda
12:33 / 2025-04-04

Keyingi yillarda yurtimizda tibbiyotga e’tibor har qachongidan ko‘ra kuchaydi. O‘zbekiston Prezidentining sog‘liqni saqlashga oid bar qator farmon hamda qarorlari qabul qilinganligi fikrimizning yaqqol dalilidir.

Viloyat va tumanlardagina  emas, hatto qishloqlarda ham tibbiy xizmat ko‘rsatish oldingi yillardagiga qaraganda ancha  yaxshilanayotir.Yangi, ko‘p qavatli  shifoxonalar, oilaviy poliklinikalar barpo etilmoqda.Natijada shifokor kadrlarga ehtiyoj ortib boryapti.

Ayrim shifoxonalarda oliy ma’lumotli tibbiyot xodimlari yetishmayotganligi ham ba’zi  muammolarni keltirib chiqarmoqda.Salkam uch millionga yaqin aholi istiqomat qiladigan Surxondaryoda  shifokorlar tayyorlaydigan oliy o‘quv yurti yo‘qligi  bir qator  sohalarga oid vrachlar kamligiga sabab bo‘layotgan edi.

Bundan bir necha yillar oldin viloyat markazida Toshkent tibbiyot akadamiyasining Termiz  filiali tashkil etilganligi ayni muddao bo‘ldi.Tibbiy ilm  olish uchun har yili minglab yoshlar olis shaharlarga borishga majbur edi.Endilikda to‘rt yarim ming nafardan oshiq yoshlar keng va yorug‘, zamonaviy o‘quv qurollari bilan jihozlangan  xonalarda  bilim olmoqda.

Yaqinda ana shu oliy ta’lim muassasasida yoshlar bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazganimizda ularning bilimga chanqoq ekanligini ko‘rib xursand bo‘ldim.Talabalar yotoqxonasidagi Ma’rifat xonasi ma’naviyatga, kitobga, badiiy asarlar o‘qishga ishtiyoqmand yoshlar bilan gavjum bo‘ldi.

Diqqatni jalb etadigan jihati shundaki, xorijiy davlatlardan kelgan yuzlab yoshlarning quvonchi cheksiz.Hatto 200 nafardan oshiq hindistonlik talabalar ham bu yerda bilim olishayotgan ekan.Ularning ayrimlari biz bilan muloqot qilishga oshiqar edi.

Ular bilan ingliz tilida salomlashdim.

Ammo millionlab kishilarning so‘zlashuv vositasiga aylanib ulgurgan ingliz tilini yanada yaxshiroq bilmasligim pand berdi.Xorijlik talabalar bilan dildan suhbat qura olmadim.Lekin tarjimonlar vositasida gurung qilishga muvaffaq bo‘ldim.Yoshlarning ta’kidlashicha, hindistonliklar yurtimizga kelib ta’lim olishayotganligidan nihoyatda mamnun.Ayniqsa, Furqat Otamurodov,Dilmurod Hojiyev,Abduqahhor Rahmonov,Xurshida Raupova,O‘g‘ilbibi Fayziyeva,Isroil Mamataliyev,Abror Sharipov singari fidoyi ustozlar shogirdlariga hamisha  g‘amxo‘r.Eng muhimi,ularning bilim olishi, tibbiyot  sirlarini yaxshi o‘rganishi uchun sharoitlar yaratilgan.Turli laboratoriyalar, fan kabinetlari yoshlar ixtiyorida.

–Talabalarning kitob o‘qishga ishtiyoqi baland,–deydi filial direktori Furqat Otamurodov.–Bilim maskanimizda minglab darsliklar, broshyuralar hamda badiiy asarlar bilan boyitilgan kutubxona faoliyat ko‘rsatayotir. Bugungi talabalar ko‘proq ijtimoiy tarmoqdan foydalanadi. Bu yerda roman, qissalar, she’rlarni ham o‘qishga qiziqayotganligidan mamnun bo‘ldim. Hindistondan kelgan talabalar ham o‘zbek tilini o‘rganishyapti ekan.

Yoshlar shifokorlik kasbi sirlarini yanada puxtaroq egallash maqsadida shifoxonalarda amaliyot o‘tayotgani katta samara bermoqda.     

                                                                                          Jovli Xushboqov, O‘zA