Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Termizda harbiylarga yangi uy berildi
16:03 / 2022-10-22

Termiz shahridagi Manguzar mahallasida Mudofaa vazirligining harbiy xizmatchilari uchun barpo etilgan ko‘p qavatli yangi uy foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar va yoshlar, harbiy xizmatchilar va yangi xonadonlar egalari ishtirok etdi.

Bayramona ruxda o‘tgan marosimda keyingi yillarda Milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan islohotlar, Vatan himoyachilari va ularning oila a’zolarini har taraflama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan yuksak e’tibor osuda, obod hayotimizni ta’minlashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Bu jarayonda harbiylar uchun ko‘p qavatli, arzon va zamonaviy turar-joy binolari qurilib, foydalanishga topshirilayotgani tinchligimiz qo‘riqchilari va ular oila a’zolarining hayotidan rozi bo‘lib yashashida muhim o‘rin tutayotgani qayd etildi.  

Zamonaviy loyihalar asosida “Saodatbonu-Aziza-Termiz” xususiy korxonasi bunyodkorlari barpo etgan 60 oilaga mo‘ljallangan 9 qavatli turar-joy binosida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun barcha sharoit yaratilgan.  

– Harbiy xizmatchilarga ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rliklardan behad minnatdormiz, – deydi yangi xonadon egalaridan biri, podpolkovnik Faxriddin Zoyirov. – Yotoqxona, mehmonxona va boshqa qo‘shimcha xonalar juda shinam. Oshxona va bolalar xonasi zamonaviy usulda jihozlangan. Bizga yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlar har birimizning oiladan ko‘nglimiz xotirjam belgilangan jangovar vazifalarni a’lo darajada bajarishimizda muhim ahamiyat kasb etadi.  

Marosimda harbiylar oilasiga yangi xonadonlarning kaliti tantanali topshirildi. Tadbir ishtirokchilari ko‘p qavatli uyda yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi.  

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,  O‘zA