Avval xabar berganimizdek, kecha o‘zbek–tojik harbiy xizmatchilarining hamkorlikdagi o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etish uchun qo‘shni Tojikiston Respublikasi harbiy delegatsiyasi Termiz shahriga yetib kelgan edi. Mehmonlar Termiz garnizonidagi harbiy qismga joylashgach, birgalikdagi o‘quv mashg‘ulotlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun o‘zbek va tojik ofitserlari ishtirokida amalga oshiriladigan harakatlar rejasi o‘rganib chiqildi.
Bugun mashg‘ulotlar “Hamdo‘stlik – 2022” birgalikdagi o‘quvining tantanali ochilish marosimi bilan davom etdi.


Marosimda Mudofaa vazirligining Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi qo‘mondoni, general-mayor Zaynobiddin Iminov, Tojikiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i o‘rinbosari, general-mayor Egamzod Sharof Xudoyberdi so‘zga chiqib, hamkorlikdagi do‘stona o‘quv davlatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashiga ishonch bildirdi. Tinch, osuda hayotimiz posbonlarining o‘quv mashg‘ulotlarini belgilangan tartibda sifatli o‘tkazishiga omad tiladi.

Tantanali tadbirda ikki yon qo‘shni davlat madhiyasi sadolari ostida O‘zbekiston va Tojikiston Respublikalari davlat bayroqlari ko‘tarildi. “Hamdo‘stlik – 2022” o‘quviga jalb etilgan harbiylar harbiy orkestr sadolari ostida saf maydonidan shaxdam qadamlar bilan o‘tdi.
Mashg‘ulotlarning bugungi dasturi doirasida ikki davlat harbiy xizmatchilari o‘rtasida Termiz dala-o‘quv maydonida joylashgan to‘siqlar yo‘lagidan o‘tish mashqlari bajarildi. Futbol musobaqasi tashkil etildi. Mehmonlar kechki dam olish vaqtini sermazmun o‘tkazishi uchun qiziqarli konsert dasturi namoyish etiladi.


Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri