Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasiga biriktirilgan Termiz shahridagi 18 - maktabda “Bojxona bilimdoni” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Maktab o‘quvchilarining bojxona sohasiga qiziqishini oshirish, iqtidorli o‘quvchilarni aniqlab, ularning qobiliyatini rivojlantirish, nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini yuksaltirish maqsadida tashkil etilgan tanlov to‘rtta shart asosida o‘tkazildi.

O‘quvchilar “Bojxona olami” o‘qyv uslubiy qo‘llanmasi bo‘yicha test, og‘zaki savol-javob shartlari, kompyuter va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha o‘zaro bellashdi.
Mazkur ta’lim muassasasida viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari belgilangan dastur asosida yoshlarning sohaga qiziqish va intilishini oshirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirmoqda. Shu maqsadda turli uchrashuv va tanlovlar o‘tkazib, o‘quvchilarga bojxona sohasiga oid darslar o‘tilmoqda.

Viloyat bojxona va viloyat xalq ta’limi boshqarmalari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, maktab ma’muriyati vakillaridan iborat hakamlar hay’ati a’zolari ishtirokida o‘tkazilgan tanlovda ham o‘quvchilar o‘z bilim va mahoratini keng namoyish etdi.
– Viloyat bojxona boshqarmasining maktabimizga biriktirilgani mening kelgusi hayotimni belgilab berdi,– deydi maktabning 10-sinf o‘quvchisi Oybek Boymamatov.– Viloyat bojxona boshqarmasi mutasaddilarining maktabimizga tez-tez kelib, biz bilan uchrashuvlar o‘tkazayotgani, turli tadbirlar tashkil etib, saboq berayotgani sohaga oid bilim va tasavvurlarimni boyitmoqda. Jismonan chiniqayapman. bugungi tanlovda barcha shartlarni alo daraja uddalab, faxrli birinchi o‘rinni egallaganimdan baxtiyorman. Maktabni tugatgach, albatta shu soha bo‘yicha o‘qib, sarhadlarimiz osoyishtaligi va yurtimiz xavfsizligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shmoqchiman.

Tanlov yakunida g‘oliblar viloyat bojxona boshqarmasining diplom, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA