Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Termizda bir guruh sportchi va murabbiylar taqdirlandi
12:42 / 2019-12-25

Termiz shahridagi “Alpomish” kurash majmuasida o‘tayotgan yilda sport bo‘yicha yuqori natijalarga erishgan bir guruh sportchi va murabbiylarni tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.


Termiz shahridagi “Alpomish” kurash majmuasida o‘tayotgan yilda sport bo‘yicha yuqori natijalarga erishgan bir guruh sportchi va murabbiylarni tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda so‘nggi yillarda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor yosh avlodni jismonan kamolga yetkazib, O‘zbekistonning dovrug‘ini dunyoga keng tarannum etishda yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. Yoshlarning Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat va buyuk ajdodlar an’anasiga hurmat tuyg‘usini yuksaltirayotgani qayd etildi.

Yakunlanayotgan yilda surxondaryolik sportchilar ham Jahon, Osiyo, respublika miqyosida o‘tkazilgan nufuzli musobaqalarda 719 ta oltin, kumush va bronza medalni qo‘lga kiritib, voha sharafini munosib himoya qilgani bunga yaqqol dalildir.

Ayni paytda Bahodir Jalolov, Sharofiddin Lutfullaev, Hikmatullo To‘raev, Lobar Xurramova, Guljanoy Naimova, Shohrux Rajabov, Sitora Hamidova, Sadriddin Saymatov kabi yosh sportchilar 2020 yilda Yaponiyaning Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan yozgi olimpiada o‘yinlarida Vatanimiz sha’nini sharaf bilan himoya qilishga puxta hozirlik ko‘rib, yuksak ishonchni oqlash uchun barcha zamonaviy sharoitlarga ega inshootlarda jismonan toblanmoqda.

Tantanali marosimda boksning AIBA yo‘nalishi bo‘yicha Jahon chempioni Bahodir Jalolov hamda sportning karate turi bo‘yicha xalqaro turnirlar sovrindori, Osiyo chempionati oltin medali sohibi Sayriddin Saymatovga 25 million so‘mdan pul mukofoti topshirildi. Musobaqalarda qo‘lga kiritgan yutuqlari uchun bir guruh sportchi va murabbiylar qimmatbaho sovg‘alar, pul mukofotlariga sazovor bo‘ldi.

– Keyingi yillarda viloyatda sportning boks turi juda ommalashib, ko‘plab yosh sportchilar maydonga kirib kelmoqda, – deydi boks bo‘yicha viloyat federatsiyasi raisi, “Termiz tezkor qurilish” ixtisoslashgan ta’mirlash-qurilish tashkiloti rahbari H. Allamuratov. – Bu keyingi yillarda yaxshi ko‘rsatkichlarga erishayotgan sportchi va murabbiylar mehnati munosib rag‘batlantirilayotganining amaldagi samarasidir. O‘tayotgan yilda ham ko‘plab yosh bokschilarimiz Jahon, Osiyo va respublika musobaqalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib, mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘targanidan haqli ravishda faxrlanamiz. Yurtimiz orini nufuzli musobaqalarda sharaf bilan himoya qilgan sportchilarimizni yil davomida qo‘llab-quvvatlab, rag‘batlantirdik. Sovg‘a-salomlar ulashdik. Yangi yil arafasida tashkil etilgan ushbu tadbirda ham eng yuqori natijalarga erishgan 12 nafar yosh bokschi va 8 nafar murabbiy xizmatini alohida e’tirof etib, qimmatbaho sovg‘a, pul mukofoti bilan taqdirladik.

Tadbirda san’atkorlar ijrosidagi dilrabo kuy-qo‘shiqlar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

Tantanali marosimda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov so‘zga chiqdi.