O‘zbekiston tasviriy san’atining XX asrdagi ulkan namoyandalaridan biri Ro‘zi Choriyev nafis asarlari bilan ixlosmandlari qalbidan chuqur joy olgan mashhur rassom.
Uning ko‘p millatli xalqimiz, jannatmonand yurtimiz bilan chambarchas bog‘liq ijodida mahalliy, milliy va umumbashariy ma’naviy qadriyatlar bir-biri bilan bog‘lanib ketgan. Noyob did va yuksak mahorat bilan jilo berilgan asarlarida betakror Vatanimiz, fidoyi, soddadil odamlar, go‘zal tabiat manzaralari va xalqimizning turmush tarzi keng tarannum etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 7 iyundagi “O‘zbekiston xalq rassomi Ro‘zi Choriyev tavalludining 90 yilligini keng nishonlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi bayoni ijrosi yuzasidan Termiz shahrida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Surxondaryo viloyati hokimligi, qator vazirlik va idoralar hamkorligida O‘zbekiston xalq rassomi Ro‘zi Choriyev tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan turli tadbirlar tashkil etildi.
Mamlakatimizda keyingi yillarda barcha sohalar qatori madaniyat va san’at ham har taaflama qo‘llab-quvvatlanib, rivojlantirilmoqda. Yurtimizda yashab, ijod qilgan taniqli san’at namoyandalarining tavallud sanalarini keng nishonlab, xotirasini abadiylashtirishga alohida e’tibor qaratilayotir.

Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy yilda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi Surxondaryo ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatiga Ro‘zi Choriyev nomi berilgani va musavvir tavalludining 90 yilligi keng nishonlangani bunga yaqqol misoldir.
Shu munosabat bilan mazkur ta’lim muassasasida dastlab O‘zbekiston badiiy akademiyasi rahbariyati va a’zolari, olimlar, davlat va jamaot tashkilotlari vakillari, tasviriy san’at ihlosmandlari, yosh musavvirlar ishtirokida rassom haykalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Jo‘rabek To‘rayev, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur, O‘zbekiston Xalq rassomi, professor Rustam Xudoyberganov va boshqalar sohada yuz berayotgan yangilanishlar, Ro‘zi Choriyevning ibratli hayot yo‘li, tasviriy san’at rivojiga ko‘shgan hissasi, ko‘p qirrali ijodi haqida alohida so‘z yuritdi. Ajoyib insoniy fazilatlari xotirlandi.
Termiz davlat universitetida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy anjumanda olimlar, musavvirlar va ilmiy tadqiqotchilar o‘zbek tasviriy san’ati rivojida Ro‘zi Choriyev ijodining o‘rni va ahamiyati, yosh avlodni Vatanga muhabbat milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalashdagi o‘rni to‘g‘risida atroflicha fikr almashdi. Nafis asarlarining o‘ziga xos qirralari tahlil qilindi.

Tadbir doirasida shuningdek, mamlakatimiz ixtisoslashtirilgan san’at maktablari va maktab-internatlarining 10 yoshdan 13 yoshgacha hamda 14 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilari o‘rtasida “Ro‘zi Choriyev izdoshlari” rasmlar tanlovi g‘oliblarining ko‘rgazmasi va taqdirlash marosimi, ijodiy-badiiy xotira kechasi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining Termiz shahridagi “Termiz Art” galereyasida ustoz musavvir va izdoshlarining eng sara asarlari o‘rin olgan “Surxon kuychisi” nomli ko‘rgazma tashkil etildi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi Ro‘zi Choriyevning milliy tasviriy san’atimizni rivojlantirishdagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, O‘zbekiston xalq rassomi unvonlariga sazovor bo‘lgan. “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.
Ro‘zi Choriyev nomidagi Surxondaryo ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatida bo‘lib o‘tgan ijodiy-badiiy xotira kechasi yakunida mashhur musavvir haqidagi “Kamalak odam” nomli hujjatli film namoyish etildi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA