English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Termizda afg‘onistonlik xotin-qizlar tadbirkorlik ko‘nikmasini oshirmoqda
15:51 / 2023-03-02

O‘tgan yilning 28 noyabr – 3 dekabr kunlari Surxondaryo viloyati Termiz tumanidagi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida Xalqaro migratsiya tashkiloti “Termizda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish” dasturi doirasida 7 nafar afg‘on va 9 nafar o‘zbek ayoli uchun bir haftalik seminar-trening tashkil etib, ularning tadbirkorlik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirgan edi.

Ta’lim markazida O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi ma’qullagan biznes-rejalarni beg‘araz moliyalashtirib, ishtirokchilarni rag‘batlantirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida tashkil etilgan tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Zulxumor Xidirova, Xalqaro migratsiya tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Kery Matss Bro, senator Gulnora Marufova ishtirok etdi.  

Unda so‘z olganlar mamlakatimizda keyingi yillarda xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini himoya qilib, iqtisodiy mustaqilligi hamda gender tenglikni ta’minlash, ayollarning turmush sharoitlarini yanada yaxshilab, oila institutini har taraflama qo‘llab-quvvatlash, huquqiy ko‘nikmalarini mustahkamlash davlatimiz belgilab olgan siyosatning ustuvor yo‘nalishiga aylanganini ta’kidladi. Bu jarayonda yurtimizda bo‘lib turgan afg‘on xotin-qizlariga ham alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi. Ayni paytda mazkur markazda Yevropa Ittifoqi, BMT Taraqqiyot dasturi O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida qiymati 1 million yevro bo‘lgan “Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish va kasbiy tayyorlash bo‘yicha Surxondaryo viloyatining salohiyatini oshirish” loyihasini ham amalga oshirmoqda. Loyiha doirasida vohada yashayotgan afg‘on fuqarolari uchun tikuvchilik, informatika va axborot texnologiyalari, agrobiznes va marketing, turizm kabi o‘nga yaqin kasb bo‘yicha bir yillik hamda uch oylik qisqa muddatli o‘quv kurslari faoliyat yuritayotir. Hozirgacha yuzga yaqin afg‘onistonlik xotin-qiz o‘zlari tanlagan kasb sirlarini mukammal egallab, viloyatda o‘z biznesini boshlagan.  

Xalqaro migratsiya tashkilotining “Termizda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish” dasturi ham ana shunday ezgu maqsadga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir. Tadbirda dastur doirasida tashkil etilgan seminar-trening mashg‘ulotlarida tadbirkorlik bo‘yicha yetarli bilim olib, ko‘nikmalarini mustahkamlagan ishtirokchilarning har biriga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi uchun Xalqaro migratsiya tashkilotining 22 million 700 ming so‘mlik vaucheri hamda zamonaviy planshetlar tantanali topshirildi.  

 

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,  

O‘zA muxbiri