English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Termizda 500 turdagi sanoat mahsulotlari namoyish etilmoqda
16:44 / 2024-10-24

Bugun Termiz tumanidagi O‘zbekiston – Afg‘oniston chegarasida barpo etilgan “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi boshlandi.

Surxondaryo viloyati hokimligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, raqamli transformatsiya markazi, “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi, O‘zbekiston qurilish materiallari sanoat korxonalari uyushmasi hamda “O‘zkimyosanoat” uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan yarmarka raqobatbardosh, eksportbop, import o‘rnini bosuvchi zamonaviy mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, sanoat salohiyatini yanada oshirib, mahalliylashtirishni kengaytirishga yo‘naltirilgan.

Ikki kun davom etadigan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasida mamlakatimizning beshta salohiyatli tarmoq korxonasi hamda viloyatda faoliyat yuritayotgan 200 dan ortiq mahalliy tadbirkorlar qishloq xo‘jaligi, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, kimyo sanoati, charm-poyabzal va to‘qimachilik, qurilish materiallari, oziq-ovqat sanoati kabi yo‘nalishlarda o‘zlari ishlab chiqarayotgan 500 turdagi sanoat mahsuloti bilan ishtirok etmoqda.  

Yarmarkada qatnashayotgan Afg‘oniston delegatsiyasi yarmarka ko‘rgazmasi, erkin savdo zonasi hududidagi “Hilton” mehmonxonasi, “AKFA MEDLINE” klinikasi, logistika terminali va “Shourm” bilan tanishdi. Afg‘on tarafi ko‘rgazmadan o‘rin olgan mahsulotlarga ham katta qiziqish bildirmoqda. Tadbir doirasida qo‘shni mamlakat vakillari bilan ikki tomonlama o‘zaro almashinuv kelishuvlarini imzolash rejalashtirilgan.  

Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi tashkilotchilarining ta’kidlashicha, ikki kun davomida ishbilarmon doira vakillari ikki tomonlama kooperatsiya asosida qiymati 250 milliard so‘mlik hamkorlik shartnomalarini imzolashi kutilmoqda.  

Yarmarkaning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov so‘zga chiqdi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri