English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Termiz tumanidagi baliqchilik xo‘jaliklariga press-tur uyushtirildi
12:43 / 2021-10-14

“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi tashabbusi bilan Surxondaryo viloyati hokimligi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida jurnalist va blogerlar uchun Termiz tumanidagi baliqchilik xo‘jaliklariga press-tur tashkil etildi.

bugungi kunda viloyat hududining 6230 gektar maydonida 296 ta baliqchilik xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda. Ularning 288 tasi 1214 gektar sun’iy suv havzalarida va 8 tasi ijarachi korxona sifatida 5016 gektar tabiiy suv havzalarida baliq yetishtiradi.

2020 yilda viloyatda 15 ming tonna baliq yetishtirildi. Shu bilan birga, umumiy qiymati 27 milliard so‘m bo‘lgan 35 ta yangi baliqchilik loyihalari amalga oshirildi. Joriy yilda esa baliq yetishtirish hajmini 20 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.

Press-tur qatnashchilari dastlab Termiz tumanidagi “Termiz agro fish export” MCHJ faoliyati bilan tanishdi. Ushbu baliqchilik xo‘jaligi 2016 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 24 gektar sun’iy maydonda yarim intensiv, Xitoy va Yevropa texnologiyalariga asoslangan holda baliqning karp, oq do‘ngpeshona, oq amur va tilyapiya turlarini yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan. Ayni damda mazkur baliqchilik xo‘jaligida 18 kishi doimiy ish bilan band. 2020 yilda xo‘jalikda baliq yetishtirish 160 tonnani tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 200 tonnaga yetkazilishi kutilmoqda.

Jurnalist va blogerlarga Xitoy va Yevropa tajribasi asosida baliq yetishtirishning afzalliklari, baliq boqishning innovatsion usullari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Tumandagi “Surxon fish agro prom co” MCHJ faoliyati ham press-tur ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. 2017 yilda tashkil etilgan baliqchilik xo‘jaligida sazan, oq amur, oq do‘ngpeshona hamda laqqa baliq parvarishlash yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu xo‘jalikda 2020 yilda 20 tonna, joriy yilning 9 oyi davomida esa 52 tonna baliq yetishtirildi. Kelgusida baliq yetishtirish hajmini 500 tonnaga yetkazish, savdo shaxobchalari va qayta ishlash sexlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, mazkur xo‘jalik tomonidan 6 gektar hududda ekoturizm maydoni tashkil etilgan. Bu yerda xo‘jalikning o‘zida yetishtirilgan 4 turdagi baliqdan kabob, chixoxbili, sho‘rva, qovurilgan va dimlangan taomlar tayyorlanadi. 250 kishiga mo‘ljallangan ekoturizm maskani sig‘imini kelgusida 400 kishiga yetkazish rejalashtirilgan.

Press-tur davomida jurnalistlarga viloyatda aholiga parhezbop hamda vitaminlarga boy mahsulotlar yetkazib berish, baliq taomlarini tayyorlashga ixtisoslashtirilgan oshxonalar hamda maxsus baliq bozorlarini tashkil etish singari vazifalarni o‘z ichiga olgan loyihalar haqida ma’lumot berildi.

[gallery-4257]

O‘zA fotomuxbiri

Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA