FOTOREPORTAJ
Inson va tabiat – bir-biriga o‘zaro chambarchas bog‘liq. Bu ikki xilqatning o‘zaro to‘g‘ri muvozanati har ikkisini ham o‘stiradi, ham undiradi. Ammo o‘zaro muvozanat buzilsa, har ikkalasi ham tubsiz jarlik sari yuz buradi. Shunday ekan, inson va tabiat muvozanatini munosib saqlash biz insoniyatga ko‘p jihatdan bog‘liq. Tabiatda yashil hududlar kengaysa, yashil qalqonlar shakllantirilsa, bundan faqat foyda ko‘ramiz, rohatlanamiz, bashariyat kelajagi mustahkamlanadi. Yurtimizda keng quloch yoygan “Yashil makon” umummilliy harakati mana shunday mushtarak maqsadlar zamirida hayotimizga tatbiq etilmoqda.
Mazkur xayrli tadbirlarni uyushqoqlik bilan tashkil etish, o‘tkazish, shuningdek, umummilliy loyihaning birinchi bosqichida yo‘l qo‘yilgan xatolarni takrorlamaslik, ko‘chatlar ekilishida hududlarning iqlim sharoitini, yerning meliorativ holatini inobatga olish ekilayotgan ko‘chatlarning unib-o‘sib ketishida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda “Yashil makon” loyihasi doirasidagi ko‘chat ekish aksiyalarida mana shunday jihatlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Termiz shahrida ham markaziy ko‘chalarga doimiy yashil ko‘rinishga ega bo‘ladigan manzarali daraxtlar ko‘chatlarini ekish ishlari, shahar aholisi hayoti sifatini oshirish omili hisoblangan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘kalamzorlashtirish ishlari qizg‘in davom etmoqda.
[gallery-15696]
Ta’kidlash kerak, Surxondaryo viloyati Termiz shahri iqlimi quruq subtropik, keskin kontinental hudud hisoblanadi. Iqlim sharoiti jihatidan shahar to‘qay, cho‘l va vodiy hududlariga bo‘linadi. Vodiy hududlariga asosan Yapon soforasi, zarang, go‘zal katalpa, yasin, chinor, virgin archasi (mojjevelnik), sharq tuyasi, arg‘uvon ekiladi. Cho‘l hududida saksovul, terkiz, quyon suyak (qum akatsiyasi) o‘sadi. To‘qay hududiga tol, terak qalamchalari, turong‘il, jing‘il, yulg‘in kabi daraxt ko‘chatlarini ekish tavsiya etiladi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA