English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Termiz sayyohlik markaziga aylanadi
16:32 / 2014-09-08

Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari samarasida Termiz shahri tobora zamonaviy qiyofa kasb etib, xorijlik sayyohlar ko‘p keladigan maskanlardan biriga aylanmoqda.

Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari samarasida Termiz shahri tobora zamonaviy qiyofa kasb etib, xorijlik sayyohlar ko‘p keladigan maskanlardan biriga aylanmoqda.

Termiz azaldan turli mamlakatlar bilan savdo-madaniy aloqalarni yuksaltirishda o‘ziga xos robita vazifasini o‘tagan. Ilm-fan, madaniyat, me’morchilik, savdo va hunarmandchilik kabi sohalar keng rivojlangan. Eski Termiz xarobalaridan topilayotgan qimmatli manbalar shahar qadimda ham yirik madaniy-ma’rifiy, ilm-fan va savdo markazi bo‘lganidan dalolat beradi. Afsuski, sobiq tuzum davrida yopiq shahar sanalgan Termizning ushbu noyob tarixiy yodgorliklari va qadimiy obidalari qarovsizlikdan xaroba holga kelib qolgan edi.

Prezidentimiz rahnamoligida tarixiy yodgorliklarni asrab-avaylash, muqaddas qadamjolarni obodonlashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari tufayli Termiz ham ozod va obod shaharga aylanmoqda. Tarixiy yodgorliklar qayta rekonstruksiya qilinib, mahalliy va xorijlik sayyohlar uchun qulay sharoit yaratilmoqda. Keng, ravon yo‘llar, zamonaviy mehmonxonalar, turli xizmat ko‘rsatish shoxobchalari barpo etilmoqda. Hakim Termiziy majmuasi, Sulton Saodat, Kokildor ota maqbaralari chet ellik sayyohlarning ham o‘ziga xos ziyorat maskaniga aylangan. Termiz arxeologiya muzeyi, Termiz davlat universitetining yangi o‘quv korpuslari, “Surxon” sport majmuasi va boshqa madaniy-ijtimoiy inshootlar shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turibdi.

Mamlakatimizda turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar soha infratuzilmasini tubdan rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratayotir. Viloyat hududidagi qadimiy yodgorliklar va muqaddas qadamjolarni rekonstruksiya qilish, sayyohlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Termiz-Denov, Termiz-Boysun va Termiz-Muzrabot marshrutlari bo‘yicha yangi yo‘nalishlar yo‘lga qo‘yilib, betakror tabiat manzaralariga boy Boysun tumani, Sariosiyo tumanidagi Sangardak sharsharasi, Sherobod tumanidagi Zarautsoy yo‘nalishlari bo‘ylab ekoturizmni rivojlantirish ko‘zda tutilmoqda.

Joriy yilning dastlabki olti oyida viloyatga sayyoramizning oltmishga yaqin davlatidan ikki mingdan ziyod sayyoh tashrif buyurdi. Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlaridan mingga yaqin, O‘zbekistonning turli shahar va tumanlaridan 16 mingdan ortiq sayyoh viloyatning diqqatga sazovor joylarini qiziqish bilan tomosha qildi.

– Bu yil, ayniqsa, Germaniya, Yaponiya, Shvetsiya, Fransiya, Turkiya, Xitoy, Italiya, AQSh, Shveytsariya singari davlatlardan ko‘p sayyohlar tashrif buyurdi, – deydi “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasining Surxondaryo viloyati bo‘yicha hududiy vakili Shuhrat Ibrohimov. – Sayyohlar oqimining yildan-yilga ortib borayotgani mavjud tarixiy-madaniy yodgorliklarni rekonstruksiya qilib, eski holatini qayta tiklash va turistlar uchun yanada qulay sharoit yaratishni taqozo etmoqda. Shunga muvofiq, viloyatning turistik salohiyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan dastur tayyorlanmoqda.

Manzilli dastur doirasida 2014-2016-yillarda vohadagi yigirmaga yaqin tarixiy-madaniy yodgorliklarni tubdan rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilayotgani ham turizmni rivojlantirish borasida ko‘rsatilayotgan e’tibor namunasidir. Dasturga muvofiq Termiz tumanidagi Qoratepa, Qirqqiz, Kokildor ota, Sulton Saodat, Zurmala, Fayoztepa, Xo‘ja Rushan maqbarasi, Jarqo‘rg‘on tumanidagi Jarqo‘rg‘on minorasi, Denov tumanidagi Said Otaliq madrasasi, Qumqo‘rg‘on tumanidagi Iskandar ko‘prigi, Muzrabot tumanidagi Kampirtepa va boshqa qator noyob arxitektura yodgorliklari qadimiy qiyofasini qayta tiklaydi. Sayyohlar uchun transport, savdo, madaniy va boshqa xizmatlar ko‘rsatish tubdan yangilanadi. Turizm obyektlarining muhandislik va kommunal infratuzilmasi modernizatsiya qilinadi. Chekka tumanlarda ham milliy arxitektura yechimlariga ega yangi mehmonxonalar barpo etiladi.

Ichki va tashqi turizm uchun qulay muhit yaratilayotgan viloyatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shu yil 21-iyulda qabul qilingan farmoyishiga muvofiq o‘tkaziladigan “Ipak yo‘lida turizm” yigirmanchi Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasiga ham alohida hozirlik ko‘rilmoqda. Bunday ulug‘vor ishlar mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy barqarorlikni ta’minlash, aholining turmush darajasini yuksaltirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni e’zozlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasidir.