Termizdagi “Termiz” xalqaro savdo markazi erkin savdo zonasida “Tinchlik, do‘stlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish" mavzuida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqoti birinchi yig‘ilishining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori E.Aripov, Surxondaryo viloyati hokimi U.Qosimov O‘zbekiston keyingi yillarda dunyoda ochiq, pragmatik siyosat olib borayotgani mamlakatni har taraflama yuksaltirishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi. Qadimdan Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan O‘zbekiston o‘tmishdagi dovrug‘ini qayta tiklab, Markaziy va Janubiy Osiyoni birlashtirishda muhim koridor vazifasini bajarish yo‘lida ishonchli qadam tashlayotgani qayd etildi. Forum ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Ta’kidlandiki, murakkab hozirgi sharoitda mazkur forumning o‘tkazilishi juda dolzarb ahamiyat kasb etadi. Termiz muloqotining ustuvor vazifalaridan biri – davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash, hamkorlikka asoslangan va qarshi qo‘yishga olib keluvchi vaziyatlardan voz kechishga qaratilgan yangi munosabatlar modellarini shakllantirishdan iborat.
[gallery-23457]
Termiz azaldan madaniyatlar o‘rtasidagi muloqot markazi sifatida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan shahar. Ana shu zaminda zardushtiy, buddizm, nasroniylik va islom kabi dinlar an’analari shakllanib, rivojlangan. Ikki yarim ming yildan ortiq tarixga ega qadimiy shahar antik davr mualliflarining asarlarida ham tilga olingan. Termiz Buyuk Ipak yo‘lidagi muhim nuqtalardan biri bo‘lgan. Ayni paytda Termizning Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi muhim bo‘g‘in sifatidagi o‘rni qayta tiklanmoqda.
Xususan, “Termiz” xalqaro savdo markazi ko‘p tarmoqli transport-logistika markazi, “Termez Kargo Sentr” kabi yirik inshootlar barpo etildi. Viloyat Yangi Renessans davrini boshdan kechirmoqda, u savdo, investitsiya va ilm-fan markaziga aylanib bormoqda. Hudud izchil rivojlanayotir. Jumladan, birgina o‘tgan yil 560 million dollar qiymatidagi 37 ta yirik sanoat loyihasi amalga oshirildi.
Qo‘shni davlatlar – Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘oniston bilan savdo munosabatlari yuksalmoqda. O‘tgan yil yakuni bo‘yicha mazkur davlatlar bilan tashqi savdo aylanmasi 82 million dollarga yetdi va bu 2023-yilga nisbatan 116 foizni tashkil qildi. Shuningdek, 689 million dollar miqdorida investitsiya jalb etildi. Qolaversa, qadimiy vohaning boy turizm salohiyatidan foydalanish yuzasidan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Hududda 550 dan ortiq madaniy meros va turizm obyekti mavjud bo‘lib, shu yil Boysun tumanidagi Uzundara yodgorligi hududida ochiq osmon ostidagi muzey barpo etilayotir. “Omonxona” sanatoriyasini ta’mirlash va kengaytirish davom etmoqda. Yangi sanatoriy majmuasi qurilmoqda. Boysun va Sariosiyo tumanlarida dor yo‘llari qurish loyihalari, Oltinsoy tumanida ziplayn majmuasi barpo etish loyihalari amalga oshirilmoqda.
Surxondaryo viloyati ulkan iqtisodiy imkoniyatlar, yer osti va yer usti tabiiy boyliklariga ega. Biroq, hozir bu imkoniyatlarning yarmi ham to‘liq ishga solinmagan. Vohaga investitsiyalarni jalb etish va sanoatni rivojlantirishdagi eng katta zaxira – bu hududda mavjud bo‘lgan konlarni samarali ishga solishdir. Jumladan, neft va gaz, fosforit, shuningdek, dolomit va gips kabi foydali qazilmalar zaxiralari yuqori salohiyatga ega. Ularni qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha sanoat loyihalarini yo‘lga qo‘yish ichki hamda tashqi investitsiyalarni jalb etishga keng yo‘l ochadi. Boy tarixiy-madaniy meros va kuzatilayotgan iqtisodiy o‘sish Termizning Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi muhim halqa sifatidagi o‘rnini tiklash uchun o‘ziga xos va noyob imkoniyatni yaratadi. Shu ma’noda, tashkil etilayotgan Termiz muloqoti makroregionda o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha umumiy yondashuvlarni shakllantirish uchun muhim platforma vazifasini o‘taydi.
“Tinchlik, do‘stlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish” mavzuidagi Termiz muloqotining birinchi sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev, Afg‘oniston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muhammad Naim Vardak, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston,Turkmaniston Respublikalari Tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari Yermuxambat Konuspayev, Temirbek Erkinov, Axmet Gurbanov, Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Afg‘onistondagi maxsus vakili Xisrav Sohibzoda, Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Ahmed Faruk va boshqalar Termiz muloqotining tinchlik, do‘stlik va farovon hayotni ta’minlashdagi ahamiyati haqida atroflicha so‘z yuritdi. Bu borada amalga oshirayotgan ishlari to‘g‘risida fikr almashdi. Xalqaro muloqot tashkilotchilariga minnatdorlik bildirdi.
Termiz muloqoti qizg‘in davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, Jonibek Qo‘zimurodov (surat) O‘zA muxbirlari