Joriy yilning 19-21 may kunlari Termiz shahrida "Tinchlik, do‘stlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish" mavzuida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.
Ayni paytda Surxondaryo viloyatida mazkur tadbirni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazishga puxta hozirlik ko‘rilayotir. Qadimiy va hamisha navqiron Termiz shahri forumga mos bezatilib, mehmonlarni kutib olish, joylashtirish uchun barcha sharoit yaratilmoqda. Shaharning diqqatga sazovor joylari, olis o‘tmishdan so‘zlaydigan noyob tarixiy obidalar va arxeologik yodgorliklar atrofi tartibga keltirilib, obodonlashtirilmoqda.
Viloyat hokimligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, forum bo‘lib o‘tadigan mintaqamizda yagona “Termiz” xalqaro savdo markazi erkin savdo zonasida ham tayyorgarlik ishlari qizg‘in olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etilayotgan tadbirda Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa, MDH, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Amerika, Yaqin Sharq mamlakatlaridan 200 ga yaqin siyosiy-iqtisodiy va biznes doiralar vakillari, moliya institutlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar a’zolari, shuningdek, dunyodagi turli tahliliy hamda ilmiy-tadqiqot markazlarining nufuzli ekspertlari ishtirok etishi kutilmoqda.
Muloqotdan asosiy maqsad - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlikni mustahkamlash bo‘yicha 2022 yil BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan tashabbusini ilgari surish uchun ko‘p tomonlama munozara maydonini shakllantirishdir. Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi mintaqalararo hamkorlikning joriy holati hamda istiqbollari muhokama etiladi. Xavfsizlik, barqarorlik va izchil rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda xususiy sektor va moliyaviy tuzilmalarning rolini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor beriladi.
Forum yakunida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida ishonch, muloqot va hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqiruvchi kommyunike qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri