Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Terminalingiz bormi?
08:56 / 2024-02-09

Mamlakatimizda yashirin iqtisodiyot ko‘lamini aniqlash va qisqartirish bo‘yicha islohotlar amalga oshirilib, ushbu dolzarb muammoga qarshi kurash izchil olib borilmoqda.

Lekin ayrim savdo do‘konlarida sotuvchilar xaridorga terminal ishlamayotgani yoki xarid qilingan mahsulot uchun pulni “klik” orqali o‘tkazishlarini, xaridorga fiskal belgili chek taqdim etilmayotganligi, yana boshqa holatlarda xarid uchun mablag‘ni butunlay boshqa shaxsning plastik kartasiga o‘tkazish va boshqa shu kabi qonunbuzilish holatlari uchrab turgani ham  haqiqat.  

O‘tgan 2023 yil  davomida  Jizzax viloyatida “Soliq hamkor” tizimi orqali soliq huquqbuzarligi haqida 4 ming 998 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shulardan 4 ming 753 tasi xarid cheki bermaslik, 37 tasi to‘lovni plastik karta orqali qabul qilmaslik hamda 208 ta boshqa turdagi huquqbuzarliklar kuzatilgan.

– Ushbu murojaatlar asosida 1 ming 781 marotaba sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazilib, 100 foiz holatda huquqbuzarlik tasdiqlangan, – deydi viloyat soliq boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Jasur Dostonov. – O‘tkazilgan sayyor soliq tekshiruvlari materiallari ko‘rib chiqilgan 1 ming 781 ta tadbirkorlik sub’ektiga  11 milliard  857 million  500 ming so‘m miqdorida moliyaviy jarimalar qo‘llanilib, ularning 1 ming 581 tasidan 7 milliard   905 million  so‘m jarima undirilgan. Murojaatlarning 2 ming 950 tasi esa takroriy bo‘lganligi yoki shikoyat kelib tushgan tadbirkorlik sub’ektlarida tekshiruv davom etayotganligi sababli qaytarilgan.

Shu kabi qonunbuzilish holatlariga ayni paytda ham yo‘l qo‘yilayotgan-qo‘yilmayotganini  aniqlash maqsadida Jizzax viloyati soliq boshqarmasi xodimlari bilan birgalikda Jizzax shahrida joylashgan “Eski shahar buyum bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyatga qarashli savdo nuqtasida o‘rganish ishlari olib borildi.

Ushbu “Eski shahar buyum bozori” MCHJ hududida jami 465 ta savdo do‘koni mavjudligi aniqlanib, tadbirkorlarga onlayn-nazorat kassa mashinasidan foydalanib mijozlarga QR-kod va fiskal belgili chek taqdim etilishi tushuntirildi. Sababi oxirgi paytlar mazkur tizim samarali tashkil qilingan bo‘lsa ham ko‘p hollarda bunga rioya qilinmayotgani alohida ta’kidlab o‘tildi.  

Jizzax shahar soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan taqdim etilgan tezkor ma’lumotga ko‘ra bir kunda o‘rtacha 224 million so‘m savdo tushumlari nazorat-kassa mashinasi xotirasiga kirim qilinadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur savdo do‘konlarida jami 465 ta tadbirkorlik sub’ekti faoliyat yuritmoqda. Ularning 47 nafarini yuridik shaxslar va 418 nafarini yakka tartibdagi tadbirkor tashkil etadi. Ayni paytda 465 ta savdo do‘konida 460 nafar fuqaro qonuniy faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, xatlov davomida jami 5 nafar fuqaro norasmiy ishlayotgani aniqlangan.  

Mazkur hamkorlikdagi o‘rganish davomida tadbirkorlar (maqoladagi personajlarning ismi-sharifi o‘zgartirildi) Sanjar Xolmatov, Dilfo‘za Nomatova, Ilhom Nuraliyev savdo do‘konida tovarlar uchun to‘lovlarni bir jismoniy shaxsning kartasidan boshqa jismoniy shaxsning kartasiga o‘tkazish (P2P) orqali hisob-kitob qilayotgani aniqlandi.  

Bundan tashqari, Orzimurod Haydarov, Sulton Nazarov kabi tadbirkorlar    mijozlarga OR-kod va fiskal belgili chek taqdim etmayotganliklari ma’lum bo‘ldi. Profilaktik tadbir davomida ularga savdo qoidalari va chek bermaslik qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘lishi tushuntirildi.

Onlayn-NKT o‘rnatmasdan faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar qurilmalar bilan ta’minlanishi choralari ko‘rilmoqda.  Shuningdek, soliqlardan qochish maqsadida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan ishlab kelayotgan tadbirkorlar faoliyati bozorda tashkil etilgan “Tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatish markazi”da qonuniylashtirildi.

Viloyat soliq boshqarmasi bilan hamkorlikdagi o‘rganishlar davom etmoqda.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari