Xabaringiz bor kuni kecha Osiyo qit’asida «JCH-2026» va «Osiyo kubogi – 2027» musobaqalari saralash bosqichida terma jamoalar 3-tur uchrashuvlarini o‘tkazdi.
Saralashning «A« guruhida Afg‘oniston – Hindiston terma jamoalari uchrashuvida hisob ochilmadi va ular bir ochkoni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Qatar mazkur turda Quvaytni o‘z maydonida qabul qilib, 3:0 hisobida zafar quchdi.
Shu tariqa, Qatar ochkolar sonini 9 taga yetkazib olgan holda guruh karvonboshisiga aylandi. Hindiston esa 4 ochko bilan ikkinchi, Quvayt 3 ochko jamg‘argan holda uchinchi o‘rindan joy oldi. Afg‘oniston esa 1 ochko bilan so‘nggi pog‘onada bormoqda.
«B» guruhida Yaponiya o‘z maydonida KXDR ustidan 1:0 hisobida zafar quchgan bo‘lsa, Myanmar va Suriya terma jamoalari o‘yini 1:1 hisobida yakunlandi. Mazkur natijadan so‘ng Yaponiya 9 ochko bilan birinchi o‘rinni egalladi. Suriya esa 4 ochko bilan ikkinchi pog‘onada bormoqda. KXDR hisobida 3 ochko va Myanmarda esa 1 ochko bor va ular quyi pog‘onalardan joy olgan.
«S» guruhida ham kutilmagan natijalar qayd etildi. Unda Janubiy Koreya o‘z maydonida Tailand bilan 1:1 hisobida durang qayd etgan bo‘lsa,
Singapur va Xitoy bahsi 2:2 hisobida yakunlandi. Hozirda ushbu guruhda Janubiy Koreya terma jamoasi 7 ochko bilan karvonboshilik qilayotgan bo‘lsa, Tailand hamda Xitoy 4 ochko jamg‘arishga ulgurdi va keyingi o‘rinlarni egalladi. Singapur esa 1 ochko bilan autsayder bo‘lib turibdi.
«JCH-2026» va «Osiyo kubogi-2027» qo‘shma saralash bosqichidan «D» guruhidagi vaziyat hamon murakkabligicha qolmoqda. Gap shundaki, ushbu guruhda 3-turdan so‘ng Omon, Qirg‘iz Respublikasi va Malayziya terma jamoalari bir xil 6 ochko to‘pladi. Faqatgina, Xitoy Taypeyi barcha uchrashuvlarda mag‘lub bo‘lgan holda to‘rtinchi o‘rinda qolmoqda. Jumladan, kecha Qirg‘iz Respublikasi safarda Xitoy Taypeyini 0:2 hisobida yenggan bo‘lsa, Omon o‘z maydonida Malayziyani 2:0 hisobida taslim qildi. Fikrimizcha ushbu guruhda uchta terma jamoa so‘nggi turgacha navbatdagi bosqich yo‘llanmasi uchun kurashadi.
Biz uchun muhim bo‘lgan «Ye» guruhida Eron o‘z maydonida Turkmaniston darvozasiga javobsiz 5 ta gol urdi. O‘zbekiston terma jamoasi esa Gonkongni safarda 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Shu tariqa, Eron va O‘zbekiston bir xil 7 ochko to‘pladi va to‘plar nisbatiga ko‘ra, 1-2 o‘rinlardan joy oldi. Gonkong va Turkmaniston hamon 1 ochko jamg‘argan holda 3-4 pog‘onada qolmoqda.
Iroq o‘z maydonida Filippinni qabul qilib, 1:0 hisobida zafar quchdi va 9 ochko bilan «F» guruhida peshqadamga aylandi. Filippin esa 1 ochko bilan 4-o‘rinda qoldi. Indoneziya esa muxlislari ko‘z o‘ngida Vetnamdan 1:0 hisobida ustun keldi hamda 4 ochko bilan ikkinchi o‘ringa chiqib oldi. Vetnam esa 3 ochko bilan keyingi o‘ringa tushib ketdi.
«G» guruhidan o‘rin egallagan Saudiya Arabistoni va Tojikiston o‘rtasidagi o‘yinda mezbonlar minimal 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Bu g‘alabadan so‘ng 9 ochko to‘plagan Saudiya Arabistoni guruhda birinchi, Tojikiston esa 4 ochko bilan ikkinchi pog‘onani band qildi. Pokiston esa o‘z maydonida Iordaniyaga 0:3 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Mazkur muvaffaqiyatdan so‘ng Iordaniya ham 4 ochko to‘pladi va 3 o‘rindagi o‘rnini mustahkamladi. Pokiston hali birorta ochkoni qo‘lga kiritgan yo‘q.
«H» guruhi favoriti bo‘lgan BAA 3-turda Yamanni 2:1, Bahrayn esa Nepalni 5:0 hisobida yengdi. Ushbu natijadan so‘ng BAA 9, Bahrayn 6, Yaman 3 ochko bilan guruhda ketma-ketlik bilan joylashdi. Nepal esa 0 ochko bilan so‘nggi o‘rinda qoldi.
Falastin 3-turda Bangladesh darvozasini javobsiz 5 marotaba ishg‘ol qilib, 4 ochko bilan «I» guruhida ikkinchi o‘ringa chiqib oldi. Avstraliya esa kutilganidek bu turda ham 3 ochkoni qo‘lga kiritdi. Yashil qit’a vakillari so‘nggi uchrashuvda Livanni 2:0 hisobida mag‘lub etdi va 9 ochko bilan guruh karvonboshisiga aylandi. Livan esa 2 ochko bilan uchinchi, Bangladesh esa 1 ochko bilan to‘rtinchi o‘ringa joylashdi.
Endi mazkur terma jamoalar 26-mart kuni 4-tur doirasida maydonga tushadilar.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA