Shu kunlarda yurtimiz dalalarida paxta terimi qizg‘in kechmoqda. Hamisha paxta terimi davrida turli shov-shuvlar avj oladi.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarga terimchilar va paxta masalasi bilan bog‘liq xabar tarqaldi.
Bu ma’lumotlarning qanchalik to‘g‘riligi va ayni vaqtdagi terimning borishi haqida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalari kengashi raisi o‘rinbosari Abdushokir Rahimov quyidagilarni so‘zlab berdi.
– O‘zbekistonda paxta xom ashyosini to‘liq bozor mexanizmlari asosida yetishtirilmoqda, – deydi A.RAHIMOV. – Fermer xo‘jaliklarining davlat buyurtmasi asosida paxta yetishtirishi bekor qilindi. Uning o‘rniga paxta yetishtirish bo‘yicha fyuchers shartnomalari klasterlar bilan bozor munosabatlari asosida imzolanmoqda. Bunda narxlar bozor kon’yukturasidan kelib chiqib belgilanmoqda. Shuningdek, fermer xo‘jaliklariga paxtachilik klasterlarini tanlashb shartnoma tuzish imkoniyati berilgan.
Eng muhim yangiliklardan yana biri paxta yetishtirish jarayonida barcha yoqilg‘i moylash materiallari va mineral o‘g‘itlar birja savdolari orqali erkin narxlarda xarid qilimoqda. Bunda hech qanaqa to‘siqlar mavjud emas. Shu tariq
paxta ekish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish jarayoni liberallashmoqda.
Ko‘pchilik sezgan bo‘lsa kerak keyingi yillarda yetishtirilgan paxta xom ashyosini yig‘ib terib olish uchun terimchilarni majburiy jalb qilish tizimidan voz kechildi. Hozirda uyushmagan aholi paxta yig‘im-terimiga ixtiyoriy asosda jalb qilinib terilgan paxta uchun shu kunning o‘zida pul to‘lab berilmoqda.
Paxta yig‘im terimi davomida Bosh vazir o‘rinbosari selektorlar o‘tkazishi, viloyat hokimlarining aholini paxta yig‘im-terimiga jalb qilish yuzasidan ta’sirchan choralar ko‘rilayotgani haqidagi vajlar yuzasidan ushbu yig‘ilishlar paxta yig‘im terimini samarali tashkil etish, yig‘im terimga jalb etilayotgan uyushmagan aholiga qulay shart sharoitlar yaratib berish jarayonini muvofiqlashtirishni tashkil qilish uchun ekanini aytishimiz mumkin.
Selektor majlislarida nafaqat paxta yig‘ib terib olish, balki bug‘doy ekish, yerlarni shudgor qilish borasidagi ishlar samaradorligi muhokama qilib borilmoqda.
Xalqimizda "Kengashli to‘y tarqamas", naqli bejizga aytilmaydi. Har bir ishni maslahat bilan qilgangan nima yetsin.
O‘zA