Terim pullari har besh kunda, zarurat boʻlganda har kuni toʻlanadi
Bu haqida Qishloq xoʻjaligi vazirligining “2020-yil paxta hosilini yigʻib-terib olishni uyushqoqlik bilan tashkil etish” yuzasidan oʻtkazgan matbuot anjumanida qayd etildi.
Yurtimizda 95 ta paxta-toʻqimachilik klasteri hamda 12 ta paxtachilik kooperatsiyasi faoliyat yuritmoqda. Ular 1 million 34 ming gektar maydondan 3 million 101 ming tonnadan ortiq paxta yigʻib olishni rejalashtirgan.
Bu haqida Qishloq xoʻjaligi vazirligining “2020-yil paxta hosilini yigʻib-terib olishni uyushqoqlik bilan tashkil etish” yuzasidan oʻtkazgan matbuot anjumanida qayd etildi.
– Terim mavsumini uyushqoqlik bilan oʻtkazish uchun joylarda terimchilar uchun zarur shart-sharoitlar, jumladan, yotoq uchun 3,3 ming dona shiypon va 394 dona palatka tayyorlandi, – deydi paxtachilik boshqarmasi boshligʻi Akmal Shamsiyev. – Shuningdek, 82 ming dona brezent, 3 million 281 ming dona etak, 223 ming 290 dona qanor kabi mavsumida kerak boʻladigan buyumlar zaxirasi yaratilgan. Terimchilar uch mahal issiq ovqat bilan taʼminlanadi. Terim pullari har besh kunda, zarurat boʻlganda har kuni toʻlash boʻyicha zarur choralar koʻrilmoqda.
Tadbirda terimchilarning moddiy manfaatdorligini oshirish maqsadida qoʻlda terilgan 1 kilogramm paxta uchun birinchi terimda 1000 soʻmdan, ikkinchi terimda 1400 soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda mehnat haqi toʻlanadi. Esingizda boʻlsa, 2019-yilda koʻlda terilgan paxtaning 1 kg. uchun 800 soʻmdan 1200 soʻmgacha haq toʻlab berilgan edi.
Paxta terish mashinalari yordamida terib olingan har bir tonna paxta xomashyosi uchun 920 000 soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda xizmat haqi toʻlash tavsiya etilmoqda.
Qayd etish kerakki, paxta yigʻim-terimiga 18 yoshdan yuqori boʻlgan muayyan mehnat bilan band boʻlmagan, ishga layoqatli terimchilar shartnoma asosida jalb etiladi. Buning uchun hududlarda bandlikka koʻmaklashish markazlari aholining 18 yoshdan katta, muayyan mehnat bilan band boʻlmagan, ishga layoqatli va terimda koʻngilli ishtirok etish istagini bildirgan terimchilarni fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida terimga jalb qilinib, roʻyxat shakllantiradi.
Joylardan olingan takliflarga koʻra, joriy yilda paxta yigʻim-terim mavsumida 24 mingta terim otryadi tashkil etiladi. 2 million 203 ming nafar terimchining 763 ming nafari fermer xoʻjaliklari va paxta-toʻqimachilik klasterlari ishchilari, 1 million 175 ming nafari esa vaqtincha ishsiz boʻlgan koʻngilli terimchilardan iborat boʻladi.
Anjumanda viloyat va tumanlar bandlikka koʻmaklashish markazlari terim mavsumini tashkil qilish, ish bilan band boʻlmagan aholini terimga jalb etish va terim otryadlarini shakllantirish borasidagi qator ishlar haqida maʼlumot berildi.