Hozirgi kunda mamlakatimizda paxta yig‘im-terimi qizg‘in davom etmoqda. Ob-havoning ochiq kunlaridan unumli foydalanib, hosilni o‘z vaqtida yig‘ib-terib olish muhim vazifa hisoblanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumani rahbarlari — hokim A. Kamolov, respublikadan biriktirilgan vakil B.Seytnazarov, tuman prokurori I.Abdullayev hamda tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i M.Sherimbetovlar “Oqtuba” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Paxtakor Davlatbika” fermer xo‘jaligida aholi bilan birga paxta terimida ishtirok etishdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi, Kegeyli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun biriktirilgan vakil B.Seytnazarov ham “Qumshungil” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Isker Tabisker" fermer xo‘jaligida paxta terimiga qatnashdi. Bunday tashabbuslar terimchilarga ruhiy dalda berib, hosilni o‘z vaqtida yig‘ib-terib olishda namuna bo‘lib xizmat qilmoqda.

Kegeyli hamda Bo‘zatov tumanlari “Nuroniy” jamg‘armalari tashabbusi bilan faol nuroniylar “Abat” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Qunnazarova Liza” fermer xo‘jaligi dalasida paxta terimiga yaqindan yordam berishdi. Shuningdek, “Nuroniy” jamg‘armasi vakillari “Oqtuba” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Ilhom Sharipov” fermer xo‘jaligida mehnat qilayotgan terimchilarning holidan xabar olib, aholini, ayniqsa, ishsiz fuqarolarni terimga jalb qilish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib bordi. Ular paxta terimi orqali oila byudjetiga daromad kiritishi mumkin. Har bir terilgan paxta tuman xirmonining yuksalishiga, mamlakatimiz taraqqiyotiga qo‘shilgan hissadir.

“Eshon qal’a” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Hosilbek-Alibek” fermer xo‘jaligida 60 dan ortiq faol va ko‘chaboshi boshi xotin-qizlar ishtirokida “Ilg‘or terimchi” musobaqasi tashkil etildi.
Xotin-qizlar o‘rtasida bellashuv tarzida bo‘lib o‘tgan bu terim musobaqasida “Gujum terak” mahalla fuqarolar yig‘inidan Salima Qurbonova 123, “Xalqobod” mahalla fuqarolar yig‘inidan Gulshara Nagimova 102, “Eshon qal’a” ovul fuqarolar yig‘inidan Bog‘da Abdug‘apporova esa 100 kilogramm paxta terib, 1, 2 va 3-o‘rinlarni egallashdi va tuman hokimligi tomonidan taqdirlanishdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA