Munosabat
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 16 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga tashrifi ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasiga davlat darajasidagi yuksak e’tiborning yorqin ifodasi bo‘ldi.
Tashrif davomida bildirilgan fikrlar, aniq vazifa hamda topshiriqlar Akademiya jamoasi uchun dasturilamal sifatida qabul qilinib, ularning to‘liq va so‘zsiz amalga oshirilishi qat’iy ta’minlanadi.
Akademiyada tayyorlanayotgan kadrlar faoliyatining asosiy maqsadi – adolatni qaror toptirish, shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish hamda jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash ekanligi ushbu uchrashuvda yana bir bor alohida ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbarining ilm insonning eng katta boyligi ekani, butun umri davomida xizmat qilishi va hech kim tomonidan tortib olinmasligi haqidagi fikrlari har bir tinglovchi va xodim uchun hayotiy shior sifatida qabul qilindi.
Akademiya jamoasi tergov va surishtiruv sohasida zamonaviy bilim, tahliliy fikrlashga hamda ilg‘or texnologiyalarga tayanadigan yangi avlod kadrlarini tayyorlashni o‘z oldiga ustuvor vazifa qilib belgilab olgan.
Tergovchi faqat qonunni biluvchi mutaxassis emas, balki inson taqdiriga befarq bo‘lmagan, adolatni his qila oladigan va o‘zini tergov qilinayotgan shaxs o‘rniga qo‘ya oladigan yuksak insoniy fazilatlarga ega bo‘lishi zarurligi alohida ta’kidlandi. Mazkur yondashuv Akademiyada kadrlar tayyorlash siyosatida ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab olinib, tergovchilarni tayyorlash va tarbiyalash jarayonida to‘liq amalga oshiriladi.
Akademiya jamoasi tergovchi kasbi, avvalo, inson taqdiri bilan bog‘liq ekanini chuqur anglagan holda, ta’lim jarayonida faqat huquqiy bilimlar bilan cheklanib qolmasdan, axloqiy barkamollik, kasbiy vijdon va tahliliy fikrlashni shakllantirishni o‘z oldiga aniq vazifa qilib qo‘ygan.
Shu bilan birga, tergov va surishtiruv sohasida raqamlashtirish, sun’iy intellekt hamda zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish masalalari Akademiya faoliyatining ajralmas qismi sifatida qaraladi. Bunda xodimlar va tinglovchilarning sohaviy, texnik va raqamli kompetensiyalarini muntazam oshirib borish, nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash, shuningdek, fanlararo yondashuvni yanada kuchaytirish ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Akademiya jamoasi xalqimiz va davlatimizga sadoqatli, o‘z tarixi va ajdodlar merosini chuqur anglagan, shu bilan birga global dunyoqarashga ega bo‘lgan professional kadrlarni tayyorlash bo‘yicha zimmasiga yuklatilgan mas’uliyatni to‘liq anglaydi.
Davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan ishonchni oqlash, belgilangan vazifalarni sidqidildan bajarish hamda tergovchilarning yangi avlodini tarbiyalash yo‘lida barcha kuch va salohiyat safarbar etilib, ularning ijrosi qat’iy ta’minlanadi.
Sanobar MANSUROVA,
O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza
qilish akademiyasi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i.
O‘zA