Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 20 iyundagi Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvdagi nutqida “Xabeas korpus” institutini rivojlantirish, shaxs sudning qaroriga qadar ko‘pi bilan qirq sakkiz soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emasligi, agar sud tomonidan shaxsni hibsga olish yoki unga nisbatan boshqa turdagi ozodlikni cheklash haqida qaror belgilangan muddatda qabul qilinmasa, bunday shaxsni darhol ozod qilish kerakligi, bu haqdagi muhim normani ham Asosiy qonunimizda aks ettirishimiz zarurligi, bunday qoidalar inson, uning hayoti, huquq va erkinliklari – oliy qadriyat degan ezgu tamoyilga har tomonlama mos kelishini ta’kidlab o‘tgan edi.
Shu munosabat bilan jinoyat protsessida fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini yanada kuchaytirish, sud-tergov jarayonlarida huquqni muhofaza qiluvchi organlarni noqonuniy harakatlardan tiyib turish, shaxsni asossiz hibsga olinishi holatlarini bartaraf etish, shu orqali insonning ozodligini cheklash bilan bog‘liq bo‘lgan xatolarga yo‘l quyilmaslik hamda xalqimizning sudlarga bo‘lgan qat’iy ishonchini oshirish zaruriyati tufayli yangilangan Konstitutsiyada “Xabeas korpus” instituti mustahkamlandi.
O‘xshash normalar Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 3,5-moddalari, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro Paktning 7, 9-moddalari, Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to‘g‘risidagi Yevropa konvensiyasining 5-moddasida aks etgan.
Milliy qonunchiligimizni xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish, demokratik tamoyillar va xalqaro huquqiy talablarga to‘liq javob beradigan qonun normalarini qabul qilishda “Xabeas korpus” institutini kengaytirish, jumladan, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov bosqichlarida sud nazoratini kuchaytirishni o‘z ichiga oladi.
Yangilangan Konstitutsiyaning 27-moddasida shaxsni sud qarorisiz 48 soatdan ko‘p muddat ushlab turilishi mumkin emasligiga oid qoida birinchi navbatda shaxsni asossiz va aniq muddatsiz hibsga olinishiga yo‘l qo‘ymaslik talabini qat’iy belgilaydi. Shuningdek, ushbu kafolat orqali ozodligi cheklangan shaxsga real 48 soat ichida yaqin qarindoshlariga, advokatiga telefon qilib, qayerda saqlanayotganini, holati qanday ekanini bildirish imkoniyatini ta’minlaydi.
Mamlakatimizda 2005 yilda qabul qilingan qonun asosida 2008 yil 1 yanvardan boshlab, jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarni qamoqqa olishga sanksiya berish huquqi sudlar vakolatiga o‘tkazilgan. Ushbu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida 2012 yilda qabul qilingan qonunga asosan lavozimdan chetlashtirish va shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov choralarini qo‘llashning sud tartibi amaliyotga kiritilgan va bugungi kunga qadar davom ettirilmoqda.
Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro Paktning 9-moddasida “Har bir inson erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega. Hech kim o‘zboshimchalik bilan hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas. Hech kim qonunda belgilanganidan boshqacha asos va tartibda ozodlikdan mahrum etilishi mumkin emas”, deb belgilab qo‘yilgan.
Shaxsni ushlab turish chog‘ida unga huquqlari va ushlab turish asoslarining tushuntirilishi (“Miranda qoidasi”) surishtiruv, tergov va sud jarayonlarida qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymaslikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Shu nuqtai nazardan, yangilangan Konstitutsiyaning 27-moddasida “Shaxsni ushlab turish chog‘ida uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari unga tushunarli tilda tushuntirilishi kerakligi” degan normaning belgilanishi shaxsning huquqlari u yaxshi tushunadigan tilda tushuntirilishi va bu til aynan uning ona tili bo‘lishi shart bo‘lmay, shaxs odatda muloqot qiladigan va yaxshi tushunadigan til bo‘lishi talab etilishiga, ushlangan shaxsga uning huquqlarini real ta’minlanishini kafolatlashga va unga nisbatan tergov organlari tomonidan aldov, noto‘g‘ri ma’lumot berish va boshqa har qanday qonunga xilof usullar qo‘llanilishining oldini olishga xizmat qiladi.
Yuqorida kiritilgan shaxs huquq va erkinliklarini sudga qadar ish yuritish tartibida va sud muhokamasida ta’minlanishi kafolati oddiy fuqarolarga, davlat va jamiyatga nima beradi?
Birinchidan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan shaxsning ozodligi va erkinligini cheklashga qaratilgan har qanday harakatlar qonunga asoslangan holda bo‘lishi va bunga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yilishini ta’minlaydi. Buning Konstitutsiyada belgilanishi, avvalo, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘zboshimchalik bilan shaxsning ozodligini cheklashga qaratilgan harakatlarni qo‘llashdan tiyilishga, jinoyat ishlari doirasida surishtiruv va dastlabki tergov harakatlarini amalga oshirishda isbotlangan dalillarga asoslanishga, shubha va gumonlarga berilmasdan qaror qabul qilishga undaydi.
Ikkinchidan, shaxsning asossiz ushlanishi, advokat ishtirokisiz yoki o‘ziga qarshi ko‘rsatma berishga majbur qilinishining oldini oladi. Shu bilan birgalikda, “Xabeas korpus” institutining rivojlanishiga olib keladi. Sud organlarining mas’uliyati oshib, isbotlangan va yetarli asoslar mavjud bo‘lganda oxirgi chora sifatida shaxsni qamoqqa olish tarzidagi choralarning qo‘llanilishiga asos bo‘ladi.
Aytishimiz joizki, mazkur normalar “shaxs – jamiyat – davlat” tamoyili asosida mamlakatimiz rivoji va qonun ustuvorligini ta’minlash hamda inson qadrini ulug‘lashga xizmat qiladi.
Farhod Tohirov,
O‘zbekiston Respublikasi
Jamoat xavfsizligi universiteti
jinoiy-huquqiy fanlar kafedrasi professori
O‘zA