Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tergov sudyasi sanksiyalar berishi, majburlov choralarini amalga oshirishi mumkin
10:52 / 2024-06-19

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2024 yil 10 iyunda «Tezkor qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Farmonda nazarda tutilgan maqsadlar va ularning amalga oshirilishi haqida Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Qahramon Mirsafoyev bilan suhbatlashdik. 

– Sud hokimiyatining asosiy vazifasi – fuqarolarning huquq va erkinliklarini, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qonunlarni va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni ijro qilish va qo‘llashda qonuniylik hamda adolatni ta’minlashdan iborat.

«2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi»da «Xabeas korpus» institutini yanada rivojlantirish orqali tezkor-qidiruv va tergov faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish, fuqarolarning qadr-qimmati va erkinligini samarali himoya qilishning ta’sirchan mexanizmini joriy etish masalalari o‘rin olgan.

Yangi Konstitutsiyada ham jinoiy ta’qibga olingan shaxslarni davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning o‘zboshimchaligidan himoyalashning deyarli barcha usullari aks ettirilgan. Konstitutsiyaviy huquq va erkinliklar doirasi kengaygan. Har kimga buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun uning ishi qonunda belgilangan muddatlarda vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan ko‘rib chiqilishi kafolatlangan. Eng muhimi, ushbu norma insonning fundamental huquqlarini sud orqali himoya qilinishiga va shaxs erkinligi hamda daxlsizligi huquqining konstitutsiyaviy kafolati sifatida xizmat qiladi. 

Amalga oshirilayotgan islohotlar, o‘z navbatida, ish bo‘yicha barcha holatlar sud tomonidan har tomonlama tekshirilib, dalillarga xolisona baho berilishiga, natijada oqlov hukmlari ko‘payishiga asos yaratib, fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchi oshishiga olib kelmoqda. 

Qabul qilingan Prezident farmoni bilan bugungi kunda sud-huquq tizimidagi zamonaviy talablar va xalqaro standartlar asosida ishni sudga qadar yuritish bosqichida Tergov sudyasi lavozimi joriy etilishi belgilandi.

– Tergov sudyasi lavozimi qachondan boshlab joriy qilinadi? Bu lavozim egasi qanday faoliyat yuritadi? 

– 2025 yil 1 yanvardan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi joriy etiladi. Ular sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish va majburlov choralarini qo‘llash masalasini hamda ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqadi.

Farmonga muvofiq, tergov sudyasiga jinoyat materiallarini qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish vakolati beriladi. Jumladan, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash, qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish, pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish, murdani eksgumatsiya qilish, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash, tintuv o‘tkazish, telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish, mol-mulkni xatlash kabi iltimosnomalarga tergov sudyasi sanksiyalar berishi mumkin. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida tergov sudyasi tomonidan protsessual qarorlarga berilgan sanksiyalar faqatgina apellyatsiya instansiyasida Qoraqalpog‘iston sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, O‘zbekiston harbiy sudi tomonidan yakka tartibda qayta ko‘rib chiqiladi.

– Tergov sudyasi majburlov choralarini qo‘llashi ham mumkinmi? 

– Albatta. Tergov sudyasi ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish, ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lishi muddatini uzaytirish, ushlab turish muddatini 48 soatga qadar uzaytirish, prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy da’vogarning) ko‘rsatuvlarini oldindan mustahkamlash to‘g‘risidagi kabi iltimosnomalar bo‘yicha majburlov choralarini qo‘llashi mumkin. – Tergov sudyasi instituti boshqa davlatlarda mavjudmi?

– Bu institut Fransiyada o‘z tarixiy ildiziga ega bo‘lib, davlat va jamiyat hayotida mustahkam o‘rin tutgan. Ishni sudga qadar yuritishda tortishuv prinsipining amal qilishini ta’minlaydigan xolis, mustaqil institut namunasi bo‘lgan. 

Bugungi kunda Belgiya, Gretsiya, Iroq, Ispaniya, Niderlandiya va Xorvatiya davlatlarida tergov sudyalari o‘z faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda. Shuningdek, bu lavozim keyinchalik Litva, Moldova, Estoniya, Latviya, Ukraina, Qozog‘iston, Gruziya va Qirg‘iz Respublikalarida joriy etilgan.

Xulosa qilib aytganda, farmon sudyalar korpusini shakllantirishning yangi mexanizmlarini joriy etishga, sud tizimi tuzilmasini isloh qilishga, surishtiruv va tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini sud orqali ishonchli himoya qilishga va aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Norgul Abduraimova, O‘zA