English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tergov sudyasi odil sudlovni ta’minlaydi
17:36 / 2024-06-24

Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lab, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda sud-tergov amaliyotida inson huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlashning samarali tizimlari yo‘lga qo‘yilmoqda.

Prezidentimizning 2024 yil 10 iyundagi “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan ishni sudga qadar yuritish bosqichida tergov sudyasi lavozimi joriy etilayotgani ham bunga yaqqol dalildir.  

Ma’lumki, sud hokimiyatining asosiy vazifasi  fuqarolarning qonunchilikda kafolatlangan huquqlari va erkinliklarini, davlat va jamoat manfaatlarini, tadbirkorlarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta’minlashdir. “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida ham Konstitutsiya va qonunlarning ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlashni sud-huquq islohotlarining bosh mezoniga aylantirish belgilab olingan.  

Mazkur farmon ham “Inson qadri uchun” tamoyili asosida fuqarolar huquqlarini himoya qilish tizimini yangi bosqichga ko‘tarish va mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Shuningdek, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklari himoyasining kafolatlarini kuchaytirish orqali aholining huquqni muhofaza qilish organlariga ishonchini yanada oshirishda muhim omil bo‘ladi.  

Kezi kelganda aytish kerakki, shu paytgacha sud-tergov amaliyotida inson huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlashda samarali mexanizmlar to‘liq ishga solinmagan bo‘lib, bu jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxsning erkinlik va shaxsiy daxlsizlikka oid konstitutsiyaviy huquqlarini sud orqali ta’minlash choralarini kuchaytirish zaruratini keltirib chiqardi. Uni hal etishda yangi joriy etilayotgan ishni sudga qadar yuritish bosqichida tergov sudyasi lavozimi eng maqbul yechimdir. Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman va shahar sudlarida 2025 yil 1 yanvardan faoliyat boshlaydigan tergov sudyalariga jinoyat materiallarini, sanksiyalar hamda majburlov choralarini qo‘llash masalasini, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatlari beriladi.  

Tergov sudyasi qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash, qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish, pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish, murdani eksgumatsiya qilish, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash, tintuv o‘tkazish, telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish, mol-mulkni xatlash kabi sanksiyalarni ham berishi mumkin. Ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish, ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lishi muddatini uzaytirish, ushlab turish muddatini qirq sakkiz soatga qadar uzaytirish, guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy da’vogarning) ko‘rsatuvlarini oldindan mustahkamlash singari majburlov choralarini qo‘llashi mumkin bo‘ladi.  

Jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida tergov sudyasi tomonidan protsessual qarorlarga berilgan sanksiyalar faqatgina apellyatsiya instansiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi tomonidan yakka tartibda qayta ko‘rib chiqilish tartibi belgilanadi.  

Sodda qilib aytganda mamlakatimiz sud tizimida yuz berayotgan bu yangilik sud tuzilmasida amalga oshirilayotgan islohotlar qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, ko‘p millatli xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashga, fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini sud yo‘li bilan samarali himoyalashga xizmat qiladi.  

Rahmatilla G‘ulomov,

Surxondaryo viloyat ma’muriy sudi raisi.

O‘zA