English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tergov sud’yalari – odil sudlov kafolati
19:02 / 2024-09-10

Termizda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov Prezidentimizning 2024 yil 10 iyundagi “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazdi.

Soha xodimlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda so‘nggi yillarda mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, sud tizimida joriy etilayotgan o‘zgarishlar xususida atroflicha so‘z yuritildi. 

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida sudlar faoliyati samaradorligini oshirish, ishni sudga qadar yuritishda taraflarning tengligi va tortishuvi tamoyilini amalda ta’minlash, tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilishga alohida e’tibor qaratilgani ta’kidlandi. Shunga muvofiq jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalasi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida alohida sudyalar – tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqilish tartibi joriy etilib, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi kiritilgani qayd etildi.

Tergov sudyalariga berilgan vakolatlar, ular ko‘rib chiqadigan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuqori instansiyalarda qayta ko‘rib chiqishning amaldagi tartibi, tergov sudyasiga berilayotgan 11 turdagi sanksiya va majburlov choralarini qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish vakolatlari hamda bu yangilikning jinoyat ishlari bo‘yicha birinchi instansiya sudlar sudyalari o‘rtasida ish hajmi mutanosibligini to‘liq ta’minlashdagi o‘rni to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi. 

Mazkur farmonga ko‘ra, tergov sudyasi o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshirib, faqat qonunga bo‘ysunishi hamda tergov sudyasiga odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday vazifalar yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri