O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili(Ombudsman)ning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili, jamoatchilik guruhi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentiga qarashli tergov hibsxonasida bo‘ldi.
Inson haq-huquqlari himoyasi borasida qonun ustuvorligini ta’minlash, sohadagi islohotlar jarayonlari bilan bevosita tanishish maqsadida monitoring tarzida tashkil etilgan tashrif davomida Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili(Ombudsman)ning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili Jasurbek Ibrohimov, Xalq deputatlari Andijon viloyati kengashi kotibiyati mudiri Nasibaxon To‘ychiyeva, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Andijon viloyati kengashi raisi Muqaddasxon Sultonova, ommaviy axborot vositalari vakillari Jazoni ijro etish departamentining Andijon viloyatidagi tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslarning yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishdi.

Monitoring doirasida hibsxonada yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganildi, mahbuslarning yotoq joylari, oshxona, kutubxona, davolash bo‘limi hamda qisqa va uzoq muddatli uchrashuv xonalari ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, mahbus va mahkumalar bilan suhbatlar o‘tkazildi.

Tashrif davomida hibsxona kutubxonasi jamg‘armasini boyitish maqsadida deputatlar tomonidan o‘zbek va jahon adabiyoti durdonasi bo‘lgan 150 nusxadan ortiq kitoblar sovg‘a qilindi. Ushbu kitoblar albatta, mahbuslarning ma’naviy dunyosi va bilimni oshirishga xizmat qiladi.

O‘rganish jarayonida Andijon viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda hibsxonada saqlanayotganlar uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Ko‘rikka hibsxonadagi aksariyat mahbuslar jalb etildi.
Tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra, turli kasalliklari borligi aniqlanganlar dispanser nazoratiga olindi, ularga mutaxassislar tavsiyasi asosida zarur tibbiy muolajalar belgilandi.
F. Ubaydullayev, O‘zA.