Ijtimoiy tarmoqlarda “Buxoro viloyati Otbozor turmasida mahbuslarga nisbatan qiynoqlar amal qiladi” mazmunida videoxabar e’lon qilindi.
Unda turmada mahkumlarning sochlari taqir qilib olinishi, ularga "tefal" va “nos” kiritilmasligi, ko‘nikma markazlari va tintuvga oid noroziliklar bildirilgan.
Xabarda Buxoro shahridagi 4-son Tergov hibsxonasi haqida so‘z borgani aniqlandi. Murojaat zudlik bilan Ombudsman nazoratiga olinib, mintaqaviy vakil tomonidan joyiga borib o‘rganildi.
Monitoring davomida hibsxonada saqlanayotgan mahbuslar bilan uchrashilib, xabarda keltirilgan holatlar yuzasidan so‘ralganda ular qaynatilgan suv so‘ralgan zahotiyoq berilayotgani, sochlari esa faqat mashinkada yengillashtirilgan holda olinishi, har hafta yuvinishga yetarli vaqt berilayotgani, posilka va banderollar hamda yo‘qlovlar orqali tamaki mahsulotlari olayotganini bildirgan.
Mahbuslar bilan suhbat davomida Ombudsman mintaqaviy vakiliga qiynoq holati bo‘yicha murojaatlar kelib tushmagan.
“Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi qonunning 26-moddasiga ko‘ra, ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga qonunchilikda belgilangan sanitariya, gigiyena hamda yong‘in xavfsizligi talablariga javob beradigan maishiy sharoitlar yaratiladi.
Xavfsizlik nuqtai nazaridan tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslar uchun yaqin qarindoshlari tomonidan elektron choynak berilishi taqiqlangan. Monitoringda hibsxona ma’muriyati tomonidan tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslarni doimiy ravishda qaynatilgan suv va issiq choy bilan ta’minlash maqsadida suv qaynatgich o‘rnatilgani aniqlandi.
Qayd etish lozimki, “nos” mahsuloti rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilmagani, mahsulot nimadan iboratligi noma’lum bo‘lganligi sababli, ushbu mahsulot tergov hibsxonada saqlanayotgan shaxslarga berilishiga hibsxona rahbariyati tomonidan cheklov qo‘yilgani aniqlandi.
Ma’lumot uchun: Tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslarni shaxsiy tintuvdan o‘tkazish Ichki ishlar vazirining 2012 yil 29 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi IIV tergov hibsxonalari ichki tartib qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘ining 36-bandiga muvofiq amalga oshiriladi.
Tergov hibsxonasiga olib kelingan shaxslarni 10 kun davomida ko‘nikma markaziga joylashtirish holatiga aniqlik kiritish bo‘yicha Ichki ishlar vazirligiga Ombudsman nazorat xati kiritildi.
Ta’kidlash joiz, Ombudsman mintaqaviy vakili 2024 yilning yanvar va fevral oylarida ushbu hibsxonaga jami 5 marotaba monitoring tashrifini amalga oshirgan va “Ombudsman quti”laridagi murojaatlarni qabul qilgan.
Ombudsman axborot xizmati xabariga ko‘ra, 2023 yil yakunlariga ko‘ra, Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 603 marotaba monitoring tashrifi amalga oshirilgan.
N.Abduraimova, O‘zA