Qarshi shahridagi 5-son tergov hibsxonasida Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan ayol mahbuslar uchun bayramona tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi Qashqadaryo viloyati bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda muassasada saqlanayotgan xotin-qizlarga e’tibor qaratildi. Ularga sovg‘alar ulashilib, jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi.

– Ayol millat kelajagi, hayot davomchisi. U qayerda bo‘lmasin, qadr-qimmati va amaldagi huquqlaridan keng foydalanish imkoniyatiga ega, – deydi Ombudsmanning Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Lola Saodatova.


Tadbir davomida muassasada saqlanayotgan xotin-qizlarning huquqiy xabardorligini oshirish, ta’lim olish imkoniyatlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, ularning hayotda munosib o‘rin topishiga ko‘maklashish maqsadida motivatsion va psixologik mashg‘ulotlar tashkil etildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri