Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tergov departamenti rahbariyati tomonidan 158 nafar fuqaroning 80 dan ortiq murojaati o‘rganildi
12:09 / 2025-08-14

“Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat va jamoat ishlarini boshqarishda ishtirok eta borib, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va boshqa qonunlarida o‘zlariga berilgan huquqlar va erkinliklarni ro‘yobga chiqara borib: o‘zlarining qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoyalab murojaat qilishga, davlat va jamoat birlashmalarining vakolatli organlari buzilgan huquqlarini tiklashiga haqlidirlar.

Qonunning 12-moddasiga ko‘ra, barcha darajadagi deputatlar, davlat organlarining, jamoat birlashmalarining, mulkchilik shaklidan qat’iy nazar korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning rahbarlari hamda boshqa mansabdor shaxslar fuqarolarni shaxsan qabul qilishlari shart.

Qabul muntazam, belgilangan kun va soatlarda, fuqarolar uchun qulay vaqtda o‘tkaziladi. Fuqarolarning og‘zaki murojaatlari va ularni ko‘rib chiqish natijalari ro‘yxatga olinishi lozim.

Fuqarolarni davlat organlarida, jamoat birlashmalarida, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda qabul qilish tartibi ularning rahbarlari tomonidan belgilanadi.

Qonunga muvofiq, fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash tizimi samaradorligini oshirish maqsadida Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti tomonidan muntazam ravishda shaxsiy va sayyor qabullar o‘tkazib kelinmoqda.

Aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kengaytirish, mavjud muammolarni aniqlash, ularni bevosita joyida bartaraf etish maqsadida Tergov departamenti rahbariyatining navbatdagi shaxsiy qabuli o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Tergov departamenti boshlig‘i Ramazon Ashropov o‘tkazgan qabul davomida jami 158 nafar fuqaroning 80 dan ortiq murojaati o‘rganildi. Murojaatlarning asosiy qismi tergov faoliyatiga taalluqli bo‘lib, huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda migratsiya va personallashtirish yo‘nalishlaridagi masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Kelib tushgan murojaatlarning 24 tasi yoki 28,5 foizi joyida qanoatlantirildi. 11 tasi yoki 13,1 foiziga tushuntirish berildi. 49 tasi yoki 58 foizi qo‘shimcha o‘rganish talab etganligi bois mas’ul rahbarlarga topshiriqlar berildi va ijrosi nazoratga olindi.

Ikki nafar fuqaro tomonidan muammosi muvaffaqiyatli hal etilgani yuzasidan minnatdorlik bildirildi.

Bundan oldin o‘tkazilgan qabul davomida 103 nafar fuqaroning 70 dan ortiq murojaati o‘rganilgan edi.  Murojaatlarning 25,2 foizi joyida qanoatlantirilgan. 5,8 foiziga tushuntirish berilgan. 69 foizi qo‘shimcha o‘rganish talab etganligi bois mas’ul rahbarlarga topshirilgan va ijrosi nazoratga olingan.

                                                        N.Abduraimova, O‘zA