Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQSHga amaliy tashrifi doirasida qator uchrashuv va muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Tadbirlarda ishtirok etgan amerikalik ekspertlar ikki tomonlama hamkorlikning turli yo‘nalishlarini aniq misollar yordamida sharhlab beryapti.
Jumladan, “Georgetown” universiteti ilm-fan, texnologiya va xalqaro munosabatlar sohasi bo‘yicha professori Tereza Sabonis-Xelf S5+1 formatida O‘zbekistonning o‘rni hamda AQSH bilan “yashil” energetika yo‘nalishidagi sheriklik haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
– Men Markaziy Osiyoni 30 yildan beri o‘rganib kelaman va bu darajadagi uchrashuvlar o‘tkazilayotganini ko‘rish juda quvonarli holat. Shuningdek, S5 formatida mintaqa mamlakatlari birgalikda ishlayotgani, savdo hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha jamoaviy fikr yuritilayotgani ham muhim.
Ma’lumki, dengizga chiqish imkoniyati cheklangan davlatlar uchun savdo munosabatini yo‘lga qo‘yishda o‘zaro hamkorlik va muvofiqlashtirish juda muhim. Ayni vaqt O‘zbekistondagi rivojlanish jarayoni, xususan uran sohasi va atom elektr stansiyalari qurish loyihalariga ham alohida qiziqish bilan qarayapman.
Yangi avlod energiya tizimi, ta’minot muammosi haqida o‘ylar ekanmiz, O‘zbekistonning bunday muhim masalalarni hal etishga qaratilgan rejalari va faol harakatlari kishini haqiqatan ilhomlantiradi. Zero, respublikada “yashil” energetika sohasida ko‘plab yangi loyihalar amalga oshirilyapti.
Energiyamanbalari bilan savdo qilib, O‘zbekiston ko‘p yil davomida tabiiy gazni boshqa davlatlarga eksport qilib kelgan. Hozir esa aholi soni o‘sishi va turmush darajasi ko‘tarilishi natijasida mamlakatning ichki ehtiyoji ham ortib boryapti. Shu bois, “yashil” texnologiyalarni rivojlantirish, ayniqsa, dengizga chiqish imkoniyati yo‘q davlatlar uchun dolzarb. Menimcha, bu O‘zbekiston kelajagi uchun juda muhim yo‘nalish.
Shuningdek, energetika sohasida kelgusida “o‘rta yo‘lak” orqali savdo ko‘lami, ayniqsa, uran sohasida yanada kengayishiga ishonaman.
Hozir Fransiya O‘zbekistonda yangi uran ishlanmalarini rivojlantirishga sarmoya kiritmoqda. Shuningdek, Yevropa va AQSH tomonidan ayni yo‘nalishdagi hamkorlikka qiziqish jiddiy.
Markaziy Osiyo va AQSH sammiti haqida gapiradigan bo‘lsam, bu tashabbus nihoyat oliy darajaga ko‘tarilgani quvonarli. Bu barcha tomonlar uchun yangi va muhim voqea.
Umuman, Markaziy Osiyoning besh davlati umumiy dolzarb masalalar bo‘yicha yaxshi tashkil etilgan yagona platforma doirasida ishlayotganidan xursandman.
Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi. O‘zA