Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
TerDUda uchta zamonaviy inshoot ishga tushdi
15:28 / 2024-08-28

Mustaqilligimizning 33 yillik bayrami arafasida Termiz davlat universitetida bir yo‘la uchta yangi barpo etilgan bino foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan zamonaviy Ilmiy-tadqiqot markazida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, nuroniylar ishtirok etdi.

Tadbirda Yangi O‘zbekistonda yosh avlodning ta’lim olishi, oliy ta’lim muassasalarida o‘qib, izlanishi uchun barcha sharoit yaratilayotgani ta’kidlandi. Bu borada Surxondaryo viloyatida ham keng qamrovli islohotlar yuz bergani qayd etildi. Jumladan, bundan sakkiz yil muqaddam janubdagi vohada atigi bitta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritib, o‘n mingga yaqin yigit-qiz o‘zlari tanlagan kasb sirlarini o‘rgangan bo‘lsa, ayni paytda beshta davlat va bitta nodavlat oliy ta’lim dargohi yoshlarning o‘zlari tanlagan kasblarini chuqur o‘rganishiga xizmat qilmoqda. Ayni paytda mazkur oliy o‘quv dargohlarida 70 mingdan ortiq yigit-qiz fan sirlarini mukammal o‘rganayotir.

Viloyatda yetmish yillik tarixga ega Termiz davlat universiteti yildan-yilga rivojlanib, yangi yo‘nalishlar tashkil etilmoqda. O‘quv muassasasida 13 ta fakultet, 44 ta kafedra mavjud bo‘lib, ularda 700 dan ortiq professor-o‘qituvchi 20 mingdan ziyod talabaga ta’lim bermoqda. Pedagoglarning 250 dan ortig‘i ilmiy darajaga ega. 

Davlatimiz rahbari mamlakatimizning boshqa hududlari qatori Surxondaryo viloyatida ta’lim, shu jumladan, oliy ta’limni jahon standartlari asosida rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Xususan, eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida foydalanishga topshirilgan Ilmiy-tadqiqot markazi ham Prezidentimizning 2021 yil oktyabr oyida surxondaryolik saylovchilar bilan uchrashuvida ilgari surilgan taklif asosida bunyod etildi.

Uchrashuvda Termiz davlat universiteti ilmiy-tadqiqotchisi Aziza Xolboyeva yirik oliy ta’lim muassasasida ximiyaviy tahlillar o‘tkazish laboratoriyasi yo‘qligi uchun professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar qimmatli vaqtlarini sarflab, bu ishni poytaxtdagi laboratoriyalarda amalga oshirayotganini aytgan va Termizda zamonaviy laboratoriyalar majmuasidan iborat ilmiy-tadqiqot markazini qurishni taklif etgan edi. 

Mamlakatimizda yagona bo‘lgan yetti qavatli zamonaviy markaz 750 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, uni qurish uchun universitetning byudjetdan tashqari daromadi hisobidan 26,6 millard so‘m mablag‘ sarflandi. 

Qiymati 30 milliard so‘mlik laboratoriya asbob-usunalari bilan jihozlangan markazda “Neft va gaz  kimyosi”, “Polimerlar va qurilish-kompozitsion materiallar”, “Fizik-kimyoviy tadqiqotlar”, “Agro-eko monitoring va agrotexnologiyalar”, “Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar”, “Arxeologiya sohasining turli laboratoriyalari”, “Mahsulotlar sifatini baholash va sertifikatlash bo‘limi” hamda “Hududiy tadqiqotlar markazi” faoliyat yuritadi. Bu laboratoriyalardan oqilona foydalanish talaba va magistrantlarni ilmiy-tadqiqot ishlariga yo‘naltirish, ilmiy natijalarni amaliyotga tatbiq etish va yangi texnologiyalarni ishlab chiqarib, tijoratlashtirishda ham muhim o‘rin tutadi.

­–Mamlakatimizda hozircha yagona bu markazning bunyod etilishini tasavvur ham qilolmas edik,­–deydi Termiz davlat universiteti professori Shopo‘lat Shaydullayev.­ –Surxondaryo qadimiy arxeologik yodgorliklarga boy voha. Endilikda biz turli davrlarga oid topilmalarni, o‘tmishdan saqlanib qolgan nodir yozuvlarni laboratoriyadagi zamonaviy asbob-uskunalar yordamida o‘rganishimiz uchun katta imkoniyat yaratildi. Bu laboratoriyaga hozirdan xorijdagi hamkasblarimiz ham alohida qiziqish bildirmoqda. Markazga kelib, malaka oshirish uchun kelishuvlar tuzmoqda. Ilm-fan va ilmiy tadqiqotchilarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor uchun davlatimizdan behad minnatdormiz. 

Mustaqilligimizning 33 yillik qutlug‘ to‘yi va yangi o‘quv yiliga munosib tuhfa qilingan qiymati 3,4 milliard so‘mlik yangi sport majmuasida bo‘lg‘usi chempionlar sportning kurash va dzyudo turlari bilan shug‘ullanishi uchun barcha sharoit yaratilgan. 700 o‘ringa mo‘ljallangan 9 qavatli talabalar turarjoyi binosini bunyod etib, jihozlash uchun 15,5 milliard so‘m universitet mablag‘i, 15,5 millard so‘m davlat subsidiyasi sarflangan. Yangi talabalar turarjoyida yoshlarning o‘quv mashg‘ulotlariga puxta tayyorgarlik ko‘rishi, dam olishi, madaniy hordiq chiqarishi, ovqatlanishi uchun barcha qulaylik mavjud. 

Tadbir ishtirokchilari yangi binolarda yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Tantanali marosimda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov so‘zga chiqdi.

Xolmo‘min Mamatrayimov,

O‘zA muxbiri