Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
TerDU Italiyaning oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qiladi
16:05 / 2026-02-20

Italiya Respublikasi poytaxti Rim shahrida “O‘zbekiston – Italiya II rektorlar forumi” bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur nufuzli xalqaro anjumanda Termiz davlat universiteti rektori Abduqodir Toshqulov ham ishtirok etmoqda.

Mamlakatimizda keyingi yillarda oliy ta’limni rivojlantirib, chuqur bilim va salohiyatga ega yosh kadrlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda xorijning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlik o‘rnatib, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish muhim vazifalardan biriga aylandi. Xususan, 2017-yilga qadar Surxondaryo viloyatida atigi bitta oliy ta’lim muassasasi – Termiz davlat universiteti faoliyat yuritib, o‘rtacha yetti ming talaba kasb sirlarini o‘rgangan bo‘lsa, ayni paytda mazkur oliy ta’lim muassasasida 18 mingdan ortiq yigit-qiz ta’lim olmoqda. 

Prezidentimiz tashabbusi bilan ta’lim muassasalari tarmog‘i kengayib, yangi ta’lim yo‘nalishlari va zamonaviy mutaxassisliklar joriy etilayotgani, qabul kvotalari oshirilib, yoshlarning oliy ta’limga qamrovi kengaytirilayotgani viloyatda yangi oliy ta’lim muassasalari ish boshlashiga qulay muhit yaratdi. Hozir vohada oltita oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritib, turli soha va tarmoqlar uchun 80 mingdan ortiq talabaga kasb sirlarini chuqur o‘rgatmoqda. 

Bu raqamlar janubdagi viloyatda oliy ta’limning izchil rivojlanib, yoshlar uchun ta’lim olish imkoniyati kengaygani va hududning intellektual salohiyati tobora yuksalib borayotganini namoyon etayotir. Oliy ta’lim muassasalari soni va talabalar qamrovining keskin oshishi viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qilayotgan muhim omillardan biriga aylanmoqda. 

Ayni paytda vohadagi oliy ta’lim muassasalari rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tarilib, xorijning nufuzli universitetlari bilan hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish hamda xalqaro reytinglar, jumladan, TOP-1000 oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatidan o‘rin olish yo‘lida dadil odim tashlamoqda. Masalan, xalqaro hamkorlik jadal rivojlanayotgan Termiz davlat universiteti so‘nggi yillarda Rossiya, Belarus, Indoneziya, Xitoy, Malayziya kabi davlatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan 15 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturini amalga oshiryapti. Bu dasturlar doirasida talabalar ikki tomonlama o‘quv jarayonida ishtirok etib, xalqaro standartlar asosida bilim va ko‘nikmalarni egallamoqda. Professor-o‘qituvchilar o‘rtasida ilmiy-akademik almashinuv yo‘lga qo‘yilmoqda. Xorij bilan aloqalarni kengaytirayotgan universitet yaqin istiqbolda qo‘shma dasturlar sonini yanada ko‘paytirib, akademik mobillikni kuchaytirish va xalqaro reytinglarda munosib o‘rin egallashni ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab olgan. 

Viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari chet elning yirik oliy ta’lim dargohlari bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan bu ishlar nafaqat ta’lim sifati va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash darajasini oshirish, balki oliy ta’lim muassasalarining xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashda muhim o‘rin tutmoqda. 

Yevropaning ta’lim rivojlangan qadimiy shahrida o‘tkazilayotgan ikki davlat oliy ta’lim muassasalari rektorlari forumi doirasida Termiz davlat universiteti hamda Italiyaning G. d’Annunzio nomidagi Kiyeti–Peskara universiteti rahbarlari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur kelishuvga muvofiq, ikki oliy ta’lim muassasasi qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yib, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini tashkil etadi. Ilmiy-tadqiqot sohasida hamkorlikni kengaytiradi. Shuningdek, Italiyaning Salento universiteti bilan tuzilgan bitimga muvofiq arxeologiya bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturi tashkil etilib, TerDU talabalari Italiyada ham tahsil olish imkoniga ega bo‘ladi. Hamkorlikda Surxon vohasidagi qadimiy yodgorliklar o‘rganiladi. O‘zaro shartnomaga asosan shu yil Jarko‘ton yodgorligida arxeologik qazishmalar olib borish va qo‘shma loyihalar bo‘yicha ishlashga start beriladi. Qo‘shma ekspeditsiyalarga viloyat professor-o‘qituvchilari va talabalari keng jalb etilib, laboratoriya tadqiqotlari amalga oshiriladi. Xalqaro konferensiyalar tashkil etiladi. 

Termiz davlat universiteti rektori A.Toshqulovning Italiyaning “Crisci Management” konsalting kompaniyasi rahbari Gaetano Krishi bilan imzolagan hamkorlik memorandumi ham voha uchun yana bir yangilik bo‘ldi. Bitimga ko‘ra endilikda qo‘shma startap loyihalari ishlab chiqilib, amalga oshiriladi. Innovatsiyalarga asoslangan tadbirkorlik tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanib, biznes-inkubatsiya jarayonlari yo‘lga qo‘yiladi. Texnologiyalar transferi va ilmiy tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish, shuningdek, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va ta’lim dasturlarini tashkil etish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik o‘rnatiladi. 

TerDU yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Obid Shofiyevning O‘zAga ma’lum qilishicha, bu kelishuvlar Surxondaryo vohasi bilan Italiyaning qator viloyatlari o‘rtasida keng ko‘lamli iqtisodiy, ta’limiy va innovatsion hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam asos yaratadi. Qo‘shma startap va tadbirkorlik loyihalari orqali hududda innovatsion muhitni shakllantirish, yoshlar va tadqiqotchilarni xalqaro maydonga olib chiqish, investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish hamda ilm-fan natijalarini amaliyotga joriy etish imkoniyati yanada oshadi. 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri