English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tepaqo‘rg‘on arxeologik yodgorligida tadqiqotlar davom ettiriladi
18:07 / 2021-12-24

Farg‘ona jahon sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biri bo‘lgan. Bunga tarixiy yodgorliklar ham dalolat beradi.

Qo‘qon shahri O‘zbekistonning eng qadimgi shaharlaridan biri bo‘lib, uning yoshi, ayrim ma’lumotlarga qaraganda 2000 yildan oshgan. Shaharning Po‘stindo‘z ko‘chasida joylashgan Tepaqo‘rg‘on yodgorligi tarixiy arxeologik mamjua sifatida 2008 yilda taniqli arxeolog olim Abdulhamid Anorbayev rahbarligidagi mutaxassislar tomonidan aniqlangan bo‘lib, keng ko‘lamli arxeologik qazishmalar, tadqiqotlar amalga oshirilgan. Natijada bu yerda miloddan avvalgi birinchi va milodiy asr boshlarida urbanizatsiyalashgan qarorgoh shakllanganligi va arablar bosqiniga qadar faoliyat ko‘rsatganligi ma’lum bo‘ldi. Ochilgan tarixiy qazilmalar konservatsiya qilingan. Shu bilan birga, ushbu hududning bir qismi o‘tgan asrning 20-30 yillarida qatag‘on siyosatining o‘lim tegirmoniga tashlanib, kishi bilmas ko‘mib yuborilgan hamyurtlarimiz xoklarini o‘z bag‘riga olgan.

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov mazkur yodgorlik bilan tanishdi, bu yerda mahalliy oqsoqollar hamda mutaxassislar bilan suhbatlashdi. O‘rganishlar natijasida ushbu qarovsiz bo‘lib kelayotgan hududni obodonlashtirish, qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish, arxeologik qazish ishlarini qayta yo‘lga qo‘yish kabi masalalar bo‘yicha umumiy to‘xtamga kelindi, mutasaddilarga vazifalar belgilandi.

Viloyat rahbari davlatimiz rahbarining topshiriqlari bilan Turkistondagi jadidchilik harakatining ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biri, qatag‘on qurboni Ashurali Zohiriyning muzeyini tashkil qilish lozimligini ta’kidlab, ushbu muzeyni Tepaqo‘rg‘on arxeologik yodgorligi hududida joylashtirish tashabbusini o‘rtaga tashladi. Belgilangan ishlarni amalga oshirishga kirishish uchun qisqa muddatda arxeologik yodgorlik va unga yondosh hududlarning topografik s’yomkasini o‘tkazish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berildi.

M. Sulaymonov, O‘zA