Shri-Lankada o‘smirlar o‘rtasida Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan tashkil etgan J30 tasnifiga kiruvchi nufuzli turnirda hamyurtimiz Hamidjon Mansurov muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Iste’dodli tennischimiz yakkalik bahslarining ilk davrasida avstraliyalik Suyash Makesarni 6:4, 6:2 hisobida taslim etgan bo‘lsa, ikkinchi davrada Xitoy Taypeyi vakili Veibo Xuang ustidan 3:6, 6:4, 6:1 hisobida g‘alaba qozondi va chorak finalda xitoylik Jialiang Guoga qarshi kortga chiqadigan bo‘ldi.
Shuningdek, Hamidjon Mansurov juftlik bahslarida neytral tennischi maqomida ishtirok etayotgan Aleksandr Chernuxin bilan duet hosil qilib, birinchi bosqichda koreyalik Kyung Kim va neytral tennischi Saveliy Yuzov tandemini 6:2, 6:4 hisobida dog‘da qoldirdi.
Shu tariqa chorak finalga chiqqan Hamidjon va Aleksandr yarim final ostonasida Xitoy Taypeyi sharafini himoya qilayotgan Ziche Chen hamda hindistonlik Pradniyesh Shelke juftligi bilan raqobatlashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA