Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida tennis bo‘yicha ayollar terma jamoalari o‘rtasida o‘tkazilayotgan «Billi Jin King kubogi» an’anaviy musobaqasi Osiyo-Okeaniya II guruh bahslarining 3-tur o‘yinlari yakunlandi.
Bugun, 17 iyul kuni Oqgul Omonmurodova yetakchiligidagi tennischi qizlarimiz so‘nggi turda Malayziya terma jamoasi bilan kuch sinashdi.
Musobaqaning 1-turida Shri-Lankani, 2-turda Qirg‘iziston vakillarini 3:0 hisobida mag‘lub etgan terma jamoamiz a’zolari Malayziya tennischilari bilan murakkab o‘yinni o‘tkazdi.
Ilk o‘yinda terma jamoamiz a’zosi Sabrina Olimjonova Jo Lin Savga 6/3, 4/6, 1/6 hisobida imkoniyatni boy berdi. Darya Shubina esa Elza Van ustidan 5/7, 7/6, 7/6 hisobida g‘alaba qozonib, hisobni tenglashtirdi. Juftlik bahslarida ishtirok etgan Shahnoza Marimova/Darya Shubina tandemi raqiblariga 2/6, 6/0, 9/11 hisobida imkoniyatni boy berdi. Ushbu hisob O‘zbekiston – Malayziya 1:2 ko‘rinishida yakunlanishini ko‘rsatdi.
Bu, «Billi Jin King kubogi» an’anaviy musobaqasi Osiyo-Okeaniya II guruh bosqichida Malayziya birinchi, O‘zbekiston terma jamoasi ikkinchi o‘rindan joy olishiga olib keldi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA