Tennischilarimiz bosh sovringa da’vogar
O‘zbekistonlik iqtidorli tennischilar Avstraliya va Qozog‘istonda o‘tayotgan xalqaro turnirlarda munosib ishtirok etmoqda.
O‘zbekistonlik iqtidorli tennischilar Avstraliya va Qozog‘istonda o‘tayotgan xalqaro turnirlarda munosib ishtirok etmoqda.Melburn shahrida “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi “Australian Open – 2015” turnirining o‘smirlar o‘rtasidagi bahslarida hamyurtimiz Jo‘rabek Karimov yarim finalga chiqdi.
U musobaqaning yakkaliklar o‘rtasidagi chorak final bahsida gretsiyalik Stefano Sitsipasni 3:6, 6:4, 6:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Endi tennischimiz rossiyalik Roman Safiullinga qarshi kortga chiqadi.
* * *
Qozog‘istonning Aktobe shahrida xotin-qizlar o‘rtasidagi ITF turkumiga kiruvchi xalqaro turnirning juftlik bahslarida hamyurtlarimiz – Albina Xabibulina va Polina Merenkova yarim finalda mezbon tennischilar Aleksandra Grinchishina va Yekaterina Klyuyevani 6:0, 3:6, 10:8 hisobida yengib, hal qiluvchi bahsga yo‘llanma oldi. Tennischilarimiz finalda qirg‘izistonlik Kseniya Palkina va gollandiyalik Eva Vakanno juftligi bilan bahslashadi.
Yana bir iste’dodli tennischimiz Sanjar Fayziyev Ostona shahri mezbonlik qilayotgan erkaklar o‘rtasidagi “Fyuchers” turkumiga kiruvchi turnirning yakkalik bahslarida belaruslik Ilya Ivashka ustidan 6:4, 6:1 hisobida zafar quchib, yarim finalga chiqdi. Hamyurtimiz final yo‘llanmasi uchun yana bir belaruslik tennischi Dmitriy Jirmont bilan kuch sinashadi.