Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tennischilarimiz Avstraliyada o‘tayotgan turnirlarda qatnashmoqda
09:47 / 2026-01-04

Joriy yil yanvar oyining ilk kunlaridan Avstraliya kortlarida 2026 yilgi tennis mavsumi boshlandi.

Yashil qit’aning Brisben shahrida o‘tayotgan WTA 500 toifasiga kiruvchi turnirda ishtirok etayotgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Kamilla Rahimova va Mariya Timofeyeva asosiy to‘rga yo‘llanma taqdim etadigan saralash bahslarida finalga qadar muvaffaqiyatli harakatlandi.

Yarim finalda avstraliyalik Astra Sharmani 6/2, 6/2 hisobida yenggan Rahimova va xorvatiyalik Antonia Ruzichni 7/5, 6/4 ko‘rinishida dog‘da qoldirgan Timofeyevaga final bahsida omad kulib boqmadi.

Rahimova finalda ushbu turnirda uchinchi raqam ostida tasniflangan slovakiyalik Rebekka Shramkovaga 1/6, 2/6, WTA reytingida 143-o‘rinni egallab turgan Timofeyeva esa belaruslik Aleksandra Sasnovichga 2/6, 6/3, 2/6 hisobida imkoniyatni boy berdi. Endi ular Avstraliyada o‘tadigan keyingi turnirga hozirlik ko‘rmoqda.

O‘zbekiston bayrog‘i ostida harakatlanayotgan yana bir tennischisimiz Polina Kudermetova Avstraliya turnirlarida ishtirok etishga shay turibdi.

Bugun mukofot jamg‘armasi 700 ming Avstraliya dollaridan iborat “Kanberra chellenjer” turnirining saralash musobaqalari bo‘lib o‘tadi.

Ertaga boshlanadigan asosiy bahslarda terma jamoamiz a’zosi 22 yoshli Polina asosiy to‘rning dastlabki bosqichi doirasida neytral maqomdagi rossiyalik 18 yoshli Alina Korneyeva bilan ro‘baro‘ keladi.

Eslatib o‘tamiz, Polina Kudermetova uchun mazkur turnir O‘zbekiston nomidan ishtirok etayotgan ilk musobaqa ekani bilan ahamiyatli.

Erkaklar va ayollar o‘rtasida boshlangan “Kanberra chellenjer” 10 yanvarga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA