Mamlakatimiz tennischilari Turkiya, Avstriya va Fransiyada o‘tkazilayotgan turnirlarda o‘z omadlarini sinab ko‘rmoqda.
Mukofot jamg‘armasi 25 ming AQSH dollaridan iborat Turkiyadagi Bodrum shahrida o‘tayotgan “Fyuchers” turnirida terma jamoamiz a’zosi Sergey Fomin 1/4 final bosqichida ispaniyalik Karlos Sanchesga 6/7(4), 6/2, 6/0 hisoblarida imkoniyatni boy berib, kuzatuvchilar safidan joy oldi.Fransiyada “Katta Dubulg‘a” turkumidagi “Rolan Garros” musobaqasida hamyurtimiz Nigina Abduraimovaning sloveniyalik Tamara Zidanshek bilan uchrashuvi 6:7, 6:4, 2:6 hisobida yevropalik raketka ustasi foydasiga hal bo‘ldi. O‘yin ikki soatu 38 daqiqa davom etgani bahs har jihatdan murakkab kechganligidan dalolat.
Raqiblarini keyingi bosqichga kuzatib qo‘ygan har ikki tennischimizdan farqli o‘laroq Avstriyada “M15 Warmbad Villach“ turnirida qatnashayotgan mamlakatimizning birinchi raketkasi Humoyun Sultonov musobaqalarni muvaffaqiyatli o‘tkazmoqda.
Humoyun saralash musobaqalarini g‘alaba bilan o‘tkazib, nufuzli turnirning 1/8 finalida germaniyalik Liam Gavriyelides bilan ro‘baro‘ keldi. Uch set davom etgan bahsda Namangan tennis maktabida kamolga yetgan Sultonov raqibini 6/7(4), 6/2, 6/4 hisobida tomoshabinlar safiga kuzatib qo‘ydi.
Endi Humoyun Sultonov xalqaro turnirning 1/4 final bosqichida argentinalik Aleks Barrena bilan kuch sinashadi. Mazkur turnir 28 mayga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA